XXI asrda universitetlar nafaqat bilim beruvchi muassasa, balki ijtimoiy transformatsiya drayveri, innovatsion rivojlanish markazi va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning asosiy platformasi sifatida faoliyat yuritishi zarur. Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida mazkur jarayonni tizimli isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlari sifatida zamonaviy bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil va tahliliy fikr yurita oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga koʻtarish belgilangan.

Ayniqsa, taʼlimga intiluvchan yoshlarning qamrovini oshirish va sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar yaratish katta ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa koʻzlangan maqsadlarga erishish yoʻlida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

“T-5” tamoyili

Prezidentimizning 2026-yil 10-apreldagi “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida

“T-5” tamoyili, yaʼni taʼlim, tarbiya, tadqiqot, tijoratlashtirish va tizimli takomillashtirish vazifasi belgilandi.

Darhaqiqat, oliy taʼlimning mazmuni faqat bilim berish bilan cheklanmay, tarbiyalash, yangi bilim yaratish, uni amaliyotga joriy etish va tizimni muntazam ravishda rivojlantirishni ham qamrab oladi. Yoshlar uchun zamonaviy taʼlim muhiti yaratish, bitiruvchilarni mehnat bozori talablariga toʻliq moslashtirish, masʼuliyatli va jamiyatga foydali shaxslarni tarbiyalash, yangi bilimlar yaratish va muammolarga samarali yechim topish, innovatsiyalarni rivojlantirish hamda ilmiy natijalarni mahsulot va xizmatlarga aylantirish kabi vazifalar yangi Oʻzbekiston siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan.

Ushbu jarayonga Buxoro innovatsiyalar universiteti professor-oʻqituvchilari va talabalari ham munosib hissa qoʻshmoqda. 2022-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan mazkur universitet Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida faoliyat yuritmoqda. Qisqa muddatda universitetda 400 ga yaqin ish oʻrni ochildi, oʻnlab fan doktorlari yetishib chiqdi, yuzlab kitoblar chop etildi. Eng muhimi, 10 mingdan ortiq yoshga oliy taʼlim olish imkoniyati yaratildi. Ular orasida turli sabablarga koʻra oliy taʼlimdan chetda qolgan, xorijda oʻqish jarayonida qiyinchiliklarga duch kelgan iqtidorli yoshlar ham bor.

2017-yilda mamlakatimizda oliy taʼlimga qamrov sakkiz foiz atrofida boʻlib, arzimagan ball yetishmasligi bilan abituriyentni bilimsizga chiqarib qoʻyar edik. Oliy taʼlimga qamrov masalasidagi muammolar sababli yoshlarimiz xorijga ishga ketar yoki hayotining bir necha yilini abituriyent sifatida oʻtkazardi. Yana bir eng yomon anʼana — odam kam topshirgani uchun oʻzi istamagan yoʻnalishlarga oʻqishga topshirib, umrini, mablagʻini behuda sarflab, oxiri baribir shu kasbda ishlamas edi.

Diplom olsa bas, qolgani bir gap boʻlar

Mamlakatimizda yoshlarning ilm olishi, umuman, har tomonlama rivojlanishi uchun barcha sharoit mavjud. Yangi nodavlat oliy taʼlim muassasalari koʻp yillik tajribaga ega davlat universitetlari bilan sogʻlom raqobatga kirisha boshladi. Lekin son ortishi sifatga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi masalasi bugun kun tartibiga chiqdi. Biroq yoshlar, hatto farzandining oliy taʼlim olishi uchun pul toʻlayotgan ota-onalar endigina maktab ostonasidan chiqqan, oʻzi tanlagan mutaxassisligiga oid kasbiy bilimlar, koʻnikmalarni egallashga, xorijiy tillar, kompyuter texnologiyalarini oʻzlashtirishga katta ehtiyoji bor yoki oʻzi istagan yoʻnalishda hammaslak boʻladigan muhitda birga rivojlanish imkoniyatlarini oʻylamay, “bolamga sharoit qilib bering, bu ishlab pul topishi kerak, diplom olsa bas, qolgani bir gap boʻlar” degan vajlar bilan murojaat qiluvchilar ham yoʻq emas.

Davlatimiz tomonidan oliy taʼlim olish imkoniyatlari yaratildi, endi hech kim oʻzi tanlagan kasbi qolib, ball kam talab qilinadigan yoʻnalishga topshirishga ham majbur emas. Tanlash imkoniyati keng. Superkontrakt toʻlamaydi, toʻgʻri tanlov qila olsa bas. Endi odamlarimiz bir jihatni yaxshi anglashi kerak: ikki tomonlama shartnomada bilim oluvchi pulini toʻlaydi, taʼlim muassasasi uni jamiyatimizga kerakli, raqobatbardosh kadr qilib yetkazib chiqarishi kerak. Nomiga diplom emas, taʼlim muassasalaridan sifatli taʼlimni talabaning oʻzi talab qilishi kerak!

Bugungi oliy taʼlim tizimida yana bir juda jiddiy muammoga duch kelyapmiz. Talaba sonining ortishi ayrim taʼlim muassasalarining boshqaruv jarayonidagi tajribasizlikni koʻrsatib qoʻymoqda. Oʻttiz besh yildan ortiq oliy taʼlim tizimidagi tajribam, pedagogika fanlari doktori sifatidagi masʼuliyatim taʼlimdagi ayrim jihatlarni aytishga undadi.

Zamonaviy universitet qanday boʻlishi kerak?

Fikrimni oʻzim boshqarayotgan Buxoro innovatsiyalar universiteti misolida toʻldirsam. Jamiyatga yaxshi bitiruvchi berish uchun, eng avvalo, ishga yaxshi xodimni olish kerak. Shu bois, universitetimizda professor-oʻqituvchilarni ishga qabul qilish tizimi toʻliq raqamlashtirilgan. Har bir xodim bilan mehnat shartnomasiga qoʻshimcha “performance agreement” — samaradorlik kelishuvi tuziladi.

Universitet maqsadlaridan kelib chiqib, har bir professor-oʻqituvchi va xodim uchun samaradorlik koʻrsatkichlari belgilanadi. Bu tizim faoliyat natijalarini obyektiv baholash, ilgʻor tajribalarni ragʻbatlantirish va institutsional rivojlanishni tizimli monitoring qilish imkonini beradi.

“BIU elektron universitet” platformasi ishga tushirilgan. Boshqaruv tizimi va oʻquv jarayoni, axborot-resurs markazi va hujjatlar aylanmasini elektronlashtirishni taʼminlovchi yagona raqamli platforma ishga tushirilgan. Bu workflow (ish jarayonlari)ni elektron boshqarish imkonini yaratadi.

Sunʼiy yoʻldosh Moʻynoq shaharchasida uchiriladi

Buxoro innovatsiyalar universiteti 2030-yilgacha “Universitet 5.0” modeliga toʻliq oʻtishni rejalashtirmoqda. Bu model — taʼlim, ilm-fan, innovatsiya, ilmiy-tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish va sunʼiy intellekt integratsiyasini yagona ekotizim sifatida uygʻunlashtiradi. Modelning asosiy mohiyati: Universitet 5.0 = taʼlim  ilm-fan + innovatsiya + tijoratlashtirish + sunʼiy intellekt. Natijada universitet  aql va madaniyat markazi, jamiyat va iqtisodiyot ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlovchi, hududiy va milliy rivojlanishning drayveri sifatida namoyon boʻladi. Oʻquv muassasamizda taʼlim jarayoni “kompetensiya + amaliyot + raqamli koʻnikma” modeli asosida qator yoʻnalishlarda modernizatsiya qilinmoqda.

Birinchi navbatda, talabalarga original adabiyotlar oʻqitishga katta eʼtibor ­qaratyapmiz. Talaba kutubxonaga murojaat qilmadimi, demak, oʻqituvchi uni bu yerga yoʻnaltira olmagan. Shu bois, guruhlararo, yoʻnalishlararo, universitet miqyosida mutaxassislik fanlaridan original adabiyotlar oʻqish boʻyicha olimpiadalar, musobaqalar tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Bu borada talabalarni ragʻbatlantirish tendensiyasi amal qiladi. Professor-oʻqituvchilarimizga loyiha ishlari, ­simulyatsiyalar, Blended learning va Flipped classroom texnologiyalari, fanlararo musobaqalar, mustaqil taʼlim soatlari ulushini oshirish talablari qoʻyiladi. Bularning barchasi tizimli tahlil qilib boriladi.

Universitetda sunʼiy intellekt laboratoriyasi mavjud. Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Eronning nufuzli universitetlaridagi qator olimlar bilan aloqa oʻrnatilgan. Sunʼiy intellekt va raqamli innovatsiyalar laboratoriyasi (AI & Digital Innovation Lab) taʼlim, ilm-fan va boshqaruv jarayonida sunʼiy intellekt yechimlarini ishlab chiqish, talabalar va olimlarni amaliy sunʼiy intellekt loyihalarida faol ishtirok etishga jalb qilish, universitetning raqamli transformatsiyasini tezlashtirish kabi vazifalarni bajarib kelmoqda.

Sunʼiy intellekt laboratoriyasiga iqtidorli talabalar tanlab olinib, ular bugun 40 kilometr balandlikka sunʼiy yoʻldosh uchirish uchun “Oʻzbekkosmos” agentligi, Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda katta loyiha ustida ishlamoqda. Ushbu loyiha taqdimoti shu yil 28-iyunga moʻljallangan va sunʼiy yoʻldoshimiz Qoraqalpogʻistonning Moʻynoq shaharchasidan uchirilishi rejalashtirilgan.

Talabalar bilimini baholash tizimi toʻliq LMS (Learning Management System) platformasiga oʻtkazilgan. Bu esa baholashning xolisligi va shaffofligini taʼminlaydi. Universitetimizning sirtqi boʻlimi talabasi yiliga ikki marta kelib oʻqishidan tashqari, yil davomida keyingi semestr uchun oʻquv rejada belgilangan fanlarni elektron platforma orqali oʻqib, oʻzlashtirib boradi.

4 million dollarlik sarmoya

Bugun universitetimiz dunyoning 50 dan ortiq nufuzli oliy taʼlim muassasaci bilan akademik, ilmiy va madaniy hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Shundan 13 tasi QS World Ranking TOP-1000 reytingidagi universitetlar. Hamkor oliy taʼlim muassasalari Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Latviya, Niderlandiya, Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston kabi davlatlarning yetakchi muassasalaridir. Jumladan, Indoneziyaning Muhammadiya universiteti bilan 4 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish va tibbiyot yoʻnalishida qoʻshma taʼlim tashkil etish boʻyicha kelishuv imzolangan. AQSHning LSD logistika kompaniyasi universitetni kadrlar tayyorlash markazi sifatida tanlab, ingliz tilini yaxshi biladigan talabalarni munosib maosh bilan ishga jalb etmoqda.

Shuningdek, Niderlandiyaning Gaaga ­amaliy fanlar universiteti bilan akademik mobillik dasturi amalga oshirilib, oʻqituvchilar almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan. Niderlandiyalik hamkasblarimiz bizda, bizning professorlarimiz Gaaga universitetida dars bermoqda. Ikki yildan buyon talabalarimiz oliy taʼlim talabalari oʻrtasida oʻtkaziladigan matematika olimpiadasida faol qatnashib, vatanimizga kumush, bronza medallar sovgʻa qilmoqda. Oʻnlab talabalarimiz sport musobaqalariga tayyorlanib, jahon chempioni boʻldi va kontrakt summasidan chegirma huquqini beruvchi vaucherlar bilan taqdirlandi.

Buxoro innovatsiyalar universiteti uzluksiz taʼlim klasterini tashkil etish bilan bogʻliq oʻziga xos loyihani amalga oshirmoqda. Ushbu klaster tarkibidagi Buxoro innovatsiyalar akademiyasida yoshlarning chet tillar, tabiiy fanlar, robototexnika, AT va sunʼiy intellekt sohasidagi bilimlarini oshirish bilan birga hunarmandchilik, tikuvchilik, 3D modellashtirish, milliy hunarlar va ijodiy dizayn boʻyicha amaliy kasb-hunar koʻnikmalarini shakllantirish nazarda tutilgan.

Umuman olganda, universitet strategik maqsadlari, innovatsion boshqaruv tizimi va rivojlanish rejalari bilan Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimida munosib oʻringa ega.

Shu oʻrinda qator taklif va tavsiyalarni bildirib oʻtmoqchimiz. Sifatli faoliyat yuritayotgan nodavlat universitetlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha alohida davlat dasturini ishlab chiqish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Sifat koʻrsatkichlari, boshqaruv shaffofligi va bitiruvchilarning mehnat bozorida talabgirligi asosida saralangan oliy taʼlim muassasalarini manzilli qoʻllab-quvvatlash mexanizmini joriy etish zarur. Bunday dastur laboratoriyalar, raqamli infratuzilma, kutubxona resurslari, startap maydonchalari va amaliy tadqiqotlarni tanlov asosida hammoliyalashtirishni nazarda tutadi. Bu yondashuv nodavlat sektorni sifat jihatidan mustahkamlab, uning kadrlar tayyorlashdagi rolini oshiradi.

Nodavlat universitetlar kadrlar salohiyatini rivojlantirish uchun maxsus mexanizmlar yaratishi kerak. Jumladan, stajirovkalar, qoʻshma ilmiy loyihalar, doktorantura grantlari va pedagogik hamda raqamli kompetensiyalarni oshirish dasturlari muhim.

LMS platformalari uchun yagona minimal milliy talablarni belgilash taklif etiladi. Bu elektron kurslar, baholash tizimi, analitika, qayta aloqa va maʼlumotlar xavfsizligini qamrab olishi kerak.

Taʼlimda sunʼiy intellektdan masʼuliyatli foydalanish boʻyicha normativ va metodik bazani yaratish zarur. Bu akademik halollikni taʼminlash va taʼlim samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Barqaror faoliyat yuritayotgan nodavlat universitetlar uchun yangi taʼlim yoʻnalishlarini litsenziyalashni soddalashtirish maqsadga muvofiq. Bu ularning tezkor rivojlanishida qoʻl keladi. Yangi taʼlim yoʻnalishlarini “oldindan maʼqullash” mexanizmini joriy etish orqali universitetlarga oʻz faoliyatini rejalashtirishda qoʻshimcha qulaylik yaratish mumkin.

40 yillik tajribam asosi

Koʻp yillik tajribalarimga asoslanib va taʼlim sifatini oshirishning qanchalik muhimligini anglagan holda taʼkidlab aytmoqchiman: taʼlim muassasasining yangiligi yoki yangi tizimda ishlayotgani unga “xato qilish mumkin, vaqti bilan tuzatiladi” degan vakolatni bermaydi. Chunki biz bugun taʼlim-tarbiya bergan yoshlar tajribamiz ortganida qaytib kelib oʻqimaydi, biz unga bugun diplom beramiz.

Yangi universitetlar tajribali kadrlarni ishga jalb qilishi kerak. Dunyo tajribasini tahlil qila olishi, raqobatbardosh kadr tayyorlash pozitsiyasini mustahkamlashi zarur. Vazirlik, idoralar tomonidan universitetlarga nisbatan davlat, nodavlat degan terminologiyadan voz kechish, barchaga bir xil talab, bir xil imkoniyat va universitetlarni rivojlantirish choralari koʻrilishi kerak.

Dilnoz ROʻZIYEVA,

Buxoro innovatsiyalar universiteti rektori,

pedagogika fanlari doktori, professor