Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti 2022-yildan boshlab Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi boʻlib, botanika sohasidagi toʻliq ingliz tilida chop etiluvchi “Plant Diversity of Central Asia” (PDCA) jurnalini nashr etishni yoʻlga qoʻydi.
Ushbu jurnal Markaziy Osiyo hududidagi barcha oʻsimliklarning (suvoʻtlar, yoʻsinlar va zamburugʻlar ham bundan mustasno emas) taksonomiyasi, biogeografiyasi, evolyutsiyasi, filogeniyasi, muhofazasi va shu kabi yoʻnalishlardagi tadqiqotlarni nashr etuvchi xalqaro jurnal hisoblanadi. Yuqoridagilarga qoʻshimcha ravishda, oʻsimliklar polulyatsiyasi, oʻsimlik jamoalari sistematikasi, hayvon-oʻsimlik munosabatlari kabi yoʻnalishlardagi ilmiy izlanish natijalari bayon etilgan maqolalar ham jurnal uchun qabul qilinadi va nashrga tayyorlanadi.
Jurnalning bosh muharriri professor Sergei Volis. Professor oʻzining muharrirlik faoliyatini ilgari bir qancha jurnallarda, xususan, “Plant Diversity” (Xitoy), “Plos ONE” (AQSH) jurnallarida olib borgan. Yordamchi muharrir sifatida jurnalda yana 22 nafar muharrir mavjud boʻlib, ular Amerika Qoʻshma Shtatlari (Garvard universiteti), Yaponiya (Niigata universiteti), Rossiya (Moskva va Altay davlat universitetlari), Xitoy (Kunming Botanika instituti), Ispaniya (Pireney ekologiya instituti), Polsha (Yagellon va Opole universitetlari) va Janubiy Koreya (Changvon va Kongju universitetlari) kabi dunyoning 13 ta yetakchi mamlakatlarining ilmiy salohiyati yuqori boʻlgan olimlari hisoblanadi. Jurnalning birinchi nashri 2022-yil yanvar oyida chop etildi.