Mamlakatimizning Londondagi elchixonasi tomonidan «Connect Real Estate Club» agentligi bilan hamkorlikda gibrid formatda "O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va infratuzilmaga investitsiyalar" mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati tashkil qilindi.
Tadbirda Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki, “J.P.Morgan”, "Credit Suisse" singari yirik investitsiya banklari, Britaniya xalqaro savdo va eksport instituti, qator investitsiya kompaniyalarining vakillari va boshqalar ishtirok etishdi.
Davra suhbati qatnashchilariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, birinchi galda, valyuta bozorini liberallashtirish, soliqlar sonini kamaytirish, investorlarga berilgan huquqiy kafolatlar, xususiy mulkni ishonchli himoya qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar haqidagi maʼlumotlar taqdim etildi.
Britaniyalik sarmoyadorlar O‘zbekiston hukumatining iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha tutayotgan yo‘lini olqishlashgani barobarida yaqin yillarga mo‘ljallangan yirik davlat korxonalarining xususiylashtirilishi va transformatsiya qilinishi borasida katta salohiyat mavjud ekanligini qayd etdilar.
O‘zbekiston tomonidan mamlakatimiz elchixonasi, Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi vakillari, shuningdek, O‘zbekiston bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan "Abu Dhabi Uzbek Investment Fund", "Uzbek-Oman Investment Company", "Social Finance Advisors", "Murad Buildings", "Radisson Hotel Group" i "N.O.P. Hospitality Consulting" singari xususiy investitsiya fondlari rahbarlari o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etishdi.
Alohida sessiyalar davomida davra suhbati ishtirokchilari mamlakatimizning sayyohlik infratuzilmasi, turar-joy va tijorat ko‘chmas mulki hamda chakana savdo kabi sohalaridagi bugungi holat va ularning istiqbollari yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Tadbir yakunida Britaniyaning bir guruh kompaniyalari sayyohlik infratuzilmasi, chakana va tijorat ko‘chmas mulkini modernizatsiya qilish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish va aprel oyida bo‘lib o‘tadigan II Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishdan manfaatdor bo‘lishlarini maʼlum qilishdi.