Reyd tadbirlari davomida 26-yanvar kuni taxminan soat 20:30 da Qo‘ng‘irot tumani "Jasliq" posyolkasida yashovchi fuqarolar J. Ye. va M. I. qonunga xilof ravishda mototransport vositasi yordamida tegishli ruxsatnomasi olinmagan ov miltig‘i bilan O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan, yo‘qolib borayotgan noyob tur hisoblangan 13 bosh Jayron (kiyik)ni otib, jonsiz holatda olib ketayotgan paytida ushlandi.
Brokonerlardan 16 kalibrli bir stvolli bir dona ov miltig‘i, jami 35 dona, shundan 16 dona otilmagan va 19 dona ishlatilgan ov miltig‘i o‘qlari hamda 13 bosh otib nobud qilingan jayronlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatda O‘zbekiston Respublikasining "Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi, "Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida"gi hamda "Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida"gi qonunlarning tegishli moddalari talablari qo‘pol ravishda buzilgan.
Hozirda ushbu holat bo‘yicha dastlabki surishtiruv ishlari amalga oshirilib, Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktyabrdagi 290-sonli qaroriga asosan hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori hisoblanmoqda.
Hayvonot olamiga vahshiylarcha munosabatda bo‘lib, jinoyat sodir etgan huquqbuzarlarga nisbatan chora ko‘rish uchun tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasiga taqdim etilmoqda.
Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilinadi, deyiladi Tabiat resurslari vazirligi bergan ma’lumotda.