Bronxial astma qanday belgilar bilan namoyon boʻladi?

    Keyingi yillarda ob-havoning keskin ifloslanishi, iqlim oʻzgarishi hamda koronavirus pandemiyasi sababli aholi orasida nafas organlari bilan bogʻliq xastaliklarga chalinish holatlari ortib bormoqda.

    Xoʻsh, bunday bemorlar kasallik profilaktikasi, tashxisi va undan samarali davolanish uchun nimalarga eʼtibor qaratishlari kerak? Shu kabi savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi diagnostika boʻlimi shifokori, oliy toifali pulmonolog Xayrullo Rajabov javob beradi.

    — Bugungi kunda yurtimiz aholisi orasida uchraydigan nafas aʼzolari kasalliklarining asosiy qismini bronxial astma, surunkali obstruktiv oʻpka xastaligi va pnevmoniya tashkil etadi, — deydi shifokor.

    — Masalan, dunyo statistikasi boʻyicha bronxial astma kasalligi aholi orasida oʻrtacha 5 foiz hollarda uchraydi. Bu koʻrsatkich bolalar orasida yanada koʻproq — oʻrtacha 10 foizni tashkil etadi.

    Infeksion kasalliklar orasida esa oʻlim sabablari koʻrsatkichi boʻyicha pnevmoniya birinchi, umumiy oʻlim koʻrsatkichlarida esa oltinchi oʻrinni egallaydi.

    Oxirgi yillarda yurtimizda Orol fojiasi oqibatida iqlim oʻzgarishi kuzatilib, aholining nafas olish organlari kasalliklariga chalinish holatlari ortib boryapti.

    Ular orasida esa katta muammolarga sabab boʻluvchi bir nechta turlari bor. Bularga bronxial astma, oʻpkaning interstitsial kasalliklari, mukovissidoz, nafas yetishmovchiligi, uyqu apnoe sindromi, oʻpka sili va yuqori nafas aʼzolari xastaliklaridir.

    Yurtdoshlarimizni eng koʻp qiynaydigan nafas olish bilan bogʻliq kasallik esa bronxial astmadir. Ushbu xastalik tibbiyot tili bilan aytganda, giperreaktivlik bilan namoyon boʻluvchi nafas aʼzolarining surunkali yalligʻlanishi hisoblanadi. Bu jarayonda, asosan, semiz hujayralar, eozinofillar va T-limfotsitlar ishtirok etadi.

    Bronxial astma quruq yoʻtal, nafas qisish xurujlari, hansirash, koʻkrakda ogʻirlik hissining paydo boʻlishi kabi simptomlar bilan namoyon boʻladi.

    Bu holatlar, asosan, tunda yoki erta saharda kuzatiladi. Kasallik xuruji koʻpincha dori taʼsirida ortga qaytadi. Xastalikni esa asosan quyidagi omillar keltirib chiqaradi:

    genetik moyillik, atopiya, nafas yoʻllari giperreaktivligi;
    tashqi va uy allergenlari (chang, uy changlari, oʻsimliklar changlari, uy hayvonlari yungi);
    chekish;
    respirator infeksiyalar;
    parazitar invaziya va ayrim oziq-ovqat va dori vositalari.

    Bronxial astmaning qanday kechishi uning qanchalik tez aniqlanishiga bogʻliq. Agar kasallik oʻz vaqtida muolaja qilinib, bemor shifokor koʻrsatmalariga toʻgʻri amal qilsa, yaʼni asosiy davolash jarayonlariga eʼtiborli boʻlsa, uni toʻliq nazorat qilish mumkin.

    Bu esa bemor hayot tarzini yaxshilaydi va uning alomatlarini uzoq muddatga zaiflashuviga sabab boʻladi.

    Kasallikni davolash, astma xurujlari sonini kamaytirish uchun bemorning bronxospazm boshlanishiga turtki boʻlgan allergen bilan aloqasini cheklash lozim.

    Xususan:
    xona havosini almashtirish va chang zarralaridan tozalash;
    havo tozalagichlar va konditsionerdan foydalanish;
    havo quruqligiga qarshi namlagichlarni qoʻllash;
    bemor uchun barqaror, qulay xona haroratini saqlab turish uchun iqlim nazoratini oʻrnatish;
    turli zararli hasharotlar, ayniqsa, suvaraklarni yoʻq qilish;
    allergiya qoʻzgʻamaydigan choyshabdan foydalanish;
    yungli gilamlardan voz kechish;
    diyeta qilish lozim.
    Eng muhimi, bemor shifokor nazorati ostida davolanishi, uning tavsiyalariga qatʼiy amal qilishi shart.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi
    matbuot xizmati.