Xususan, senatorlar aholini, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga keng jalb etish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalarini koʻrib chiqdi.
Mazkur masala yuzasidan Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev oʻz mulohazalarini bildirdi.
– Xabaringiz bor, hurmatli Prezidentimiz Tokioda ishtirok etgan olimpiadachilarimiz bilan uchrashuvda Turizm va sport vazirligining tuzilmasini qayta koʻrib chiqish hamda jamoaviy sport musobaqalarini oʻtkazishni takomillashtirish vazifasini belgilab berdilar, – dedi Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi B.Sayfullayev. – Chunki vazirlikning bugungi tuzilmasi bilan ommaviy va jamoaviy sportni rivojlantirish borasida koʻzlagan maqsadlarga erishib boʻlmaydi. Buni Toshkent hamda Namangan viloyatlarida oʻtkazgan oʻrganishlarimiz natijasida ham koʻrdik.
Eng avvalo, aholini jismoniy tarbiya va sportga jalb etish hisobini yuritishning aniq mezonlarini beliglab olish zarur. Bu borada aniq mezon yoʻqligi sababli ayrim hududlarda bir martalik ommaviy sport tadbirlariga jalb qilingan aholini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanuvchilar roʻyxtiga kiritish orqali kamrov koʻrsatkichlarini oshirish holatlari kuzatilmoqda. Qolaversa, hududlardagi sport inshootlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish yoʻlga qoʻyilmagan. “Workout” (mahalla va koʻcha fitnesi) – maxsus sport maydonchalaridagi yangi jihozlar qarovsizligi sababli foydalanishga yaroqsiz ahvolga kelib qolgan.