Poytaxtimiz markazi, Amir Temur muzeyi orqasidagi xiyobondagi bu archa kuchli shamolda joyidan qoʻporilib ketganiga toʻrt-besh kun boʻldi. Xiyobonni aylanganda har kuni ertaga kelgunimizcha mutasaddilar uni joyiga tiklab qoʻyar degan umid bilan oʻtib ketamiz.

Mutaxassislar bilan gaplashsak, joyiga taklasa hali oʻsib ketadi, deyishdi. Chunki archaning ildizi yerdan butunday uzilmagan. Lekin hech kim unga eʼtibor ham berayotgani yoʻq. Balki qovrasa, oʻtin qilib ishlatamiz, deyishayotgandir.

Bundan sal oldinroq Matbuotchilar koʻchasida ham shunday holat sodir boʻldi. Yetti qavatli bino oldidagi archa shamolda qulab tushdi. Oʻz vaqtida uni joyiga tiklasa yoki boshqa joyga olib borib oʻtqazsa, u oʻsib ketardi. Ammo hech kim eʼtibor bermadi. Qarovsizlikdan daraxt asta-sekin qovray boshladi. Keyin kimlardir keldi-da uni maydalab olib ketdi.

Ishonchim komilki, suratdagi archa ham yana toʻrt besh kunda qovray boshlaydi. Shunda uni maydalab olib ketadiganlar topiladi.

Shaharda daraxtlar yiqilsa, ularga kim yordam berishi kerak? Shunday tashkilot bormi? Bor boʻlsa, biz aytgan manzilga kelib, shu archadan xabar olsa yaxshi boʻlardi. Shunday ham bu yilgi global sovuqda koʻplab daraxtlarni sovuq urib ketdi. Hech boʻlmasa, qolganlarni asrashni oʻrganaylik.

Bekqul EGAMQULOV