Bu yil Toshkent viloyatida necha kilometr yo'l quriladi va ta'mirlanadi?

    Toshkent viloyat avtomobil yo'llari hududiy bosh boshqarmasi binosida ommaviy axborot vositalari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

    Unda Toshkent viloyati hududidagi yo'llar infratuzilmasini xalqaro standartlarga qanchalik mos ekani, avtomobil yo'llarini qurish, ko'priklarni rekonstruktsiya qilish, ichki yo'llarni mukammal ta'mirlash orqali yo'llarda harakat xavfsizligini ta'minlash bo'yicha joriy yilda amalga oshirilgan ishlar va galdagi vazifalar haqida ma'lumot berildi.

    Ta'kidlanganidek, Toshkent viloyatida jami 14 ming 157 kilometr avtomobil yo'llari mavjud bo'lib, shundan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llari – 3 ming 955 kilometrni, ichki xo'jalik yo'llari, shaharlar va qishloq aholi punktlari ko'chalari – 10 ming 202 kilometrni tashkil etadi. Shundan, 5 ming 262 kilometr qismi ta'mirtalab holatda (39,3%).

    Toshkent viloyatida 2022-yilda 1173,8 milliard so'm mablag' hisobidan 1063,8 kilometr uzunlikda avtomobil yo'llari va ichki ko'chalarni qayta qurish va ta'mirlash rejalashtirilgan. 2022-yilning 9 oyi davomida viloyatda 778,1 milliard so'm mablag' hisobidan 755,6 kilometr uzunlikda avtomobil yo'llari va ichki ko'chalari ta'mirlandi (71,0%).

    2022-yilda jami 750,9 kilometr uzunlikdagi ichki yo'llarni ta'mirlash ishlari uchun 212,5 milliard so'm mablag' ajratilishi rejalashtirilgan. 2022-yil 9 oyi davomida 442,9 kilometr uzunlikda ichki yo'llar ta'mirlandi (59%) va 116 milliard so'm mablag' sarflandi.

    “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari bo'yicha ichki yo'llarni joriy ta'mirlash ishlari bo'yicha 107,9 milliard so'm miqdoridagi mablag' hisobidan 271 kilometr ichki ko'chalar ta'mirlanishi belgilangan bo'lib, hozirgi kunda 31,9 milliard so'mlik ishlar bajarilib, 66,3 kilometr uzunlikda ichki ko'chalar ta'mirlandi.

    Qizg'in savol-javob tarzida o'tgan matbuot anjumanida jurnalistlar o'zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan atroflicha javob olishdi.

    Matbuot anjumanidan so'ng Nurafshon sharidagi mahallalarda qurilayotgan ichki yo'llar bilan jurnalistlarni yaqindan tanishtirish uchun media-tur ham tashkil etildi.