Bu haqda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, ushbu mehmonxona Masjidi Nabaviyning yonida joylashgan boʻlib, ziyoratchilarimiz besh mahal namozni ushbu masjidda ado etish va bir necha bor Ravzai sharifga kirish imkoniga ega boʻladi.
Ishchi guruh tomonidan ushbu mehmonxonaning har bir xonasida ozoda choyshablar solingani, yuvinish xonasida barcha sharoitlar hozirlangani, shaxsiy gigiyena vositalari mavjudligi, sovitkich, muzlatkich sozligi koʻzdan kechirildi.
Shuningdek, qibla koʻrsatkichi, joynamoz, Qurʼoni karim va televizor bilan jihozlanganligiga ham eʼtibor qilindi. Shuningdek, hojilarga xizmat koʻrsatadigan oshxona-restoranda ham zarur oʻrinlar va barcha qulayliklar shay holatga keltirilgan.
Mehmonxonada tibbiy markaz va Oʻzbekiston ishchi guruhi shtabi tashkil etilgan boʻlib, shifokor va masʼullar 24 soat davomida barcha turdagi murojaatlarni tinglaydi.