“Haj-2025” mavsumi davomida Oʻzbekistondan 15 mingdan ziyod hojilarning Haj amallarini tartibli va namunali ado etishlari taʼminlandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Eslatib oʻtamiz, joriy yildagi Haj mavsumiga oʻzbekistonlik hojilarning Saudiya Arabistoniga kelishlari 13-maydan boshlanib, 30-mayga qadar davom etdi. Shuningdek, Haj ibodatlari tugaganidan soʻng yurtimiz hojilarining Oʻzbekistonga qaytib ketishi 12-iyundan boshlandi. Soʻnggi hojilar 29-iyun kuni havo qatnovlari orqali Vatanga qaytdi.
Xabarda aytilishicha, bu yilgi Haj ibodati paytida kuzatilgan jazirama oqibatida va surunkali kasalligi boʻlgan toʻrt nafar vatandoshimiz Saudiya Arabistonida vafot etdi.
Shuningdek, Oʻzbekiston musulmonlari idorasining ogohlantirishlariga qaramay bu yilgi Haj mavsumiga noqonuniy yoʻllar bilan borgan yana toʻrt nafar vatandoshimiz ushbu mamlakatda olamdan oʻtdi.
Bundan tashqari, Haj ibodati tugaganidan soʻng Bosh konsulxonaga 40 nafardan ziyod ziyoratchilar xorijga chiqish pasportlarini yoʻqotgani bois Oʻzbekistonga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirish uchun murojaat qilgan.
"Taʼkidlash kerakki, mazkur “Haj-2025” mavsumida yurtimizning Jiddadagi Bosh konsulxonasi Oʻzbekiston fuqarolariga barcha zarur konsullik-huquqiy yordamni tezkorlik bilan koʻrsatib kelmoqda.
Muxtasar aytganda, “Inson qadri hamma narsadan ustun« tamoyili Oʻzbekiston siyosatining eng ustuvor jihatlaridan biri ekani va bu gʻoya hayotimizga tadbiq etilayotganiga «Haj-2025” mavsumi davomida yana bir bor oʻz isbotini topdi," deyiladi xabarda.








