Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Buddizm obidalari — ziyorat turizmini rivojlantirishning yangi yo'nalishi” mavzusida ilmiy-amaliy konferentsiya o'tkazildi.
Anjumanda universitetda davlat ilmiy dasturlari doirasida bajarilayotgan “Respublikamiz hududlaridagi buddizm obidalari turmarshrutlarining 3D modellarini yaratish” innovatsion loyiha natijalari muhokama qilindi.
Konferensiyada turizmning yangi yo'nalishlarini O'zbekistonda rivojlantirishning ilmiy-nazariy jihatlari, buddaviylik tarixi va bu boradagi tadqiqotlar, O'zbekistondagi buddaviylik obidalari va ziyorat turizmini tashkil qilishning jahon tajribasi va undan respublikamizda foydalanish imkoniyatlari, shuningdek, xalqaro turizm bozoriga integratsiyaning ahamiyatini ochib berishga oid masalalar atroflicha ko'rib chiqildi.
2020-yil yozda o'z ishini boshlagan “Respublikamiz hududlaridagi buddizm obidalari turmarshrutlarining 3D modellarini yaratish” innovatsion loyihasining umumiy mablag'i 2 milliard so'm bo'lib, o'tgan 1 yil ichida mazkur loyiha doirasida bir qancha ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirildi. Navbatdagi bosqich loyihaning bevosita amaliyotga tatbiq etiladigan jihatlarini ishlab chiqishga qaratilgan.
2 yil davomida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professor-o'qituvchilari tomonidan amalga oshirilgan ilmiy tadqiqot ishlari natijasida 97 ta monografiya, 63 ta darslik va 183 ta o'quv va uslubiy qo'llanma chop etilgan. Shuningdek, xorijiy jurnallar, jumladan, yuqori reytinglarga kiruvchi ilmiy nashrlarda 361 ta hamda respublika jurnallarida 392 ta maqolalar nashr etilgan. Bulardan tashqari axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid dasturlar, mualliflik huquqi bilan himoya qilingan turli materiallar uchun 7 ta guvohnomalar olingan.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori G.Rixsiyeva anjumanning ochilish marosimida sohaning taniqli olimlari va ekspertlari ushbu tadbirda ishtirok etayotganiga chuqur minnatdorchilik izhor etib, O'zbekistonda turli uchrashuv, konferentsiya va ko'rgazmalarni tashkil etish orqali sayyohlar oqimini ko'paytirishga katta e'tibor qaratilayotganini qayd etdi. O'tgan davr mobaynida O'zbekistonda ziyorat turizmi segmentini rivojlantirish va uning turistik xizmatlar eksportidagi ulushini oshirish bo'yicha qator ishlar amalga oshirilayotgani haqida atroflicha ma'lumot berdi. Shu bilan birga, O'zbekistonda turizm xizmatlari tarkibini diversifikatsiya qilish va turizmning yangi yo'nalishlarini rivojlantirish bo'yicha amaliy chora-tadbirlar olib borilishi zarurligini ta'kidladi.