Bugun jahon miqyosida avtomobilsiz kun sifatida nishonlanmoqda

    O‘zbekistonda ham  2021 yildan e’tiboran ushbu sana respublika bo‘yicha “Avtomobilsiz kun” sifatida e’lon qilingan.

    Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 19 noyabrdagi “Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 735-son qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda ham 2021 yildan e’tiboran ushbu sana respublika bo‘yicha “Avtomobilsiz kun” sifatida e’lon qilingan.

    Ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobilsiz kun g‘oyasi 1995 yilda Buyuk Britaniyada paydo bo‘lgan va qisqa muddatda butun dunyoda keng ommalashgan. 2000 yildan beri esa 22 sentyabr jahonda avtomobilsiz kun sifatida nishonlanadi va shu kuni avtomobil haydovchilari shaxsiy transport vositalaridan kamida bir kun foydalanishmaydi, ba’zi shaharlar va mamlakatlarda piyoda yurish, velosiped haydash, jamoat transportidan foydalanish, shuningdek, ish va dam olish joylariga piyoda borish g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi maxsus aksiyalar ham tashkil qilinadi.

    Ushbu sana doirasida bunday tadbirlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – eng avvalo, avtomobillardan chiqayotgan turli zaharli gazlar orqali atmosferaning zaharlanishini kamaytirishga o‘z hissasini qo‘shish, qolaversa piyoda yurish va velosipedda sayr qilishni keng targ‘ib etishdan iborat bo‘lib, o‘z navbatida, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini keng ommalashtirish yo‘lida xizmat qiladi.