Bugun matbuotda nimalar chop etilyapti?

    Bo'sh vaqtda 19 Iyun 2020 2127

    Jurnalistikada janrlar koʻp. Maqola, xabar, sharh, reportaj, intervyu, xat, hisobot, ocherk, esse, felyeton... Ularning har biri shakl-shamoyiliyu mazmun-mundarijasigacha bir-biridan farqlanadi. Ammo bugungi goballlashuv davrida internet foydalanuvchilariga asosan tezkor axborotlar yetkazib berish uchun raqobat ketmoqda. Shu bois, yuqorida sanalgan janrlardagi materiallarni telegram kanallariyu ijtimoiy tarmoqlarda deyarli uchratmaymiz? Matbuot sahifalarida-chi? Bosma nashrlarimiz sahifalarida bugun qanday materiallar eʼlon qilingan?

    Yangi Oʻzbekiston” gazetasi oʻz sahifalarini “Oq kema” — oppoq orzular roʻyobi” sarlavhali bosh maqola bilan boshlagan. “...Tuz uyumlari dastidan hammayoq xuddi qirov tushgandek oppoq, dov-daraxtlar qurigan, gullar va oʻt-oʻlanlar qovjirab yotardi, — deb yozadi muallif, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Botir Ergashev. — Suvsizlikdan xalqning tinka-madori qurib, ona tabiat asta-sekin tuzga botib borar, uylar, hovlilar atrofini oʻrab turgan devorlar, asfalt yoʻllar, koʻchalarning ikki tomonida joylashgan maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, qoʻyingki, u yerdagi barcha bino-inshootlar nurab, toʻkilib tushishiga yaqin qolgandi... Ana shu voqealarga bugun sal kam toʻrt yil boʻlyapti. Shu vaqt ichida Moʻynoqning qiyofasi tubdan oʻzgardi, yillar davomida kutilgan quvonch shabadalari esa boshladi, xalqning yelkasiga oftob tegdi. Kuni kecha mamlakatimizning turli soha vakillaridan iborat guruh Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan Moʻynoq tumani “Boʻzatov” ovul fuqarolar yigʻini hududida barpo etilgan “Oq kema” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohining ochilish marosimiga borganimizda bunga guvoh boʻldik...”

    Bugun koronavirus pandemiyasi nafaqat insoniyatning hayoti va salomatligi, balki dunyo iqtisodiyoti uchun ham global tahdidga aylandi. Oqibatda joriy yilda jahon iqtisodiyoti 5,2 foizga pasayishi mumkin. Bu koʻrsatkich AQSHda 6,1, Rossiyada 6, Yevropa Ittifoqida 9,1 foiz boʻlishi bashorat qilinmoqda. Xitoyda esa iqtisodiy oʻsish 1 foizga tushadi. Xoʻsh, Oʻzbekistonda-chi? Tojdor virusning mamlakatimiz iqtisodiyotiga salbiy taʼsiri nimalarda namoyon boʻladi? Bu savollar javobini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilchisi Viktor Abaturovning “Pravda Vostoka” gazetasida eʼlon qilingan “Vosstanovleniye ekonomiki prinimayet strategicheskiy xarakter” (“Iqtisodiyotni tiklash strategik xarakter kasb etadi”) sarlavhali maqolasidan topishingiz mumkin.

    Xalq soʻzi” gazetasida eʼlon qilingan “Ulugʻ Navoiyga hurmat-ehtiromning yangi bosqichga koʻtarilgani ifodasi” nomli materialda filologiya fanlari nomzodi Burobiya Rajabova “Adiblar xiyobonidan haykali joy olgan Ogahiyni ulugʻ Navoiyga qaysi jihatlar bogʻlab turadi?” degan savolni oʻrtaga tashlaydi va buni izohlashga harakat qiladi. Shu bilan birga, Qoʻqon adabiy muhitining mohir shoiri Furqat hayoti va ijodiga ham boqiy Navoiy shaxsi hamda asarlari taʼsir qilgani haqida soʻz yuritiladi. Binobarin, maqolada Adiblar xiyobonida haykali oʻrnatilgan taniqli shoir, tarjimon, dramaturg Maqsud Shayxzodaning Alisher Navoiyga mehri va hurmati boʻlakcha boʻlgani, u ulugʻ Navoiy hayoti va ijodidan hayratlanib, uni tadqiq qilib ilmiy xarakterdagi oʻttizta maqola bitgani, Buyuk shoirni “Gʻazal mulkining sultoni” deya sharaflagani aytib oʻtilgan.

    “Vaqtlar boʻldiki, qon-qardosh, quda-anda xalqlar orasiga sunʼiy “devor” qoʻyildi, — deyiladi “Narodnoye slovo” gazetasida eʼlon qilingan “Rastayal led v otnosheniyax Uzbekistana i Tadjikistana” (“Oʻzbekiston — Tojikiston orasidagi muzlar qanday eridi?)” sarlavhali materialda. — Oʻzaro bordi-keldi ushalmas orzuga aylandi. Ikki tomonlama munosabatlar esa turli geosiyosiy va ayrimlar fikricha, shaxsiy sabablar bois oʻtgan yillar davomida taranglashib ketgan edi.

    Maqola muallifi — Tojikiston milliy universiteti rektori Qobiljon Xushvaqtzodaning yozishicha, Prezidentlar Emomali Rahmon hamda Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy siyosiy irodalari tufayli soʻnggi yillarda mamlakatlarimizning koʻp qirrali hamkorligi yangi bosqichga koʻtarildi, oʻzaro doʻstligimiz mustahkamlandi. Markaziy Osiyo birdamligi bugun muhim bir bosqichga kirdi.

    Qadimdan xalqimizda “Koʻpchilik ozchilikka, boy kambagʻalga, otliq piyodaga salom beradi”, degan naql boʻlgan. Bu oddiygina hikmatda ham haydovchiga masʼuliyat tirkab oʻtilganini zamonamiz “otliq”lari anglab yetsalar, ayni muddao boʻlar edi. “Adolat” gazetasida eʼlon qilingan Durdona Alimovaning “Qoʻlingizda faqat rul emas, inson hayoti turibdi” sarlavhali maqolada shunday mulohazalarni oʻqiysiz. Fargʻonalik jurnalist Xurshid Sultonovning huquqiy mavzudagi “Qilmishimdan pushaymonman” sarlavhali materialida esa quyidagi xulosa keltirilgan: “Agar jinoyat ishi materiallariga nazar tashlansa, “qahramon”larimizning hammasi muqaddam sudlanganligini koʻrish mumkin. Lekin ularning hech biri avvalgi qilmishidan oʻziga tegishli xulosa chiqarmay, takroran jinoyatga qoʻl urgan. Sud tomonidan oʻzlariga soʻz berilganda esa “Qilmishimdan pushaymonman, yengillik berishingizni soʻrayman” deya taʼkidlashgan. Aslida aksariyat jinoyatchilarning sudda aytar soʻzi shu. Ammo ozodlikka chiqqach, oʻtmishini esdan chiqarishiga nima deysiz?

    “...Hayot katta saboq maktabi, kimning aslida kim ekanini bir pasda koʻrsatadi, oqni — oqqa, qorani — qoraga, saragini — sarakka, puchagini — puchakka ham bir zumda ajratadi. Oʻtgan yilning 20-oktyabr kuni Odamboyevlar xonadonida roʻy bergan mudhish voqeadan soʻng odamlar hayotning bu haqiqatiga yana bir marta guvoh boʻlishdi, — deyiladi “Kuch — adolatda” gazetasida bosilgan “Bugunning kemtigi yoxud erkatoylikdan padarkushlikka sabab boʻlgan qotillik haqida” sarlavhali sud ocherkida. — ... Qilmish, shubhasiz, qidirmish va muqarrar jazoga yetakladi. Buni aslida tan jazosi, desak, toʻgʻri boʻladi. Ammo kishiga ruhan va maʼnan azob beradigan ogʻirroq jazo ham bor. Bu — oʻzini bilgan, anglagan kishi uchun vijdon azobi. Bu — bir umrlik jazo...”

    Oʻzbekiston bunyodkori” gazetasida eʼlon qilingan “Samarqand osmonga boʻylayapti” sarlavhali maqolada keltirilishicha, ilgari koʻp qavatli uy qurish uchun yer qazilib, bir yil poydevor qoʻyishga hozirlangan. Keyin yana bir necha yil qurilish davom etgan. Bugun esa qurilish texnologiyalari oʻzgardi. Uy barpo etish uchun bir necha yil kutish shart emas. Ayni paytda Samarqand viloyatining Urgut tumanida qurilayotgan koʻp qavatli uylarni bunyod etish uchun birinchi navbatda, hududning keyingi 50 yillik seysmik holati oʻrganiladi. Shu asosda poydevor qoʻyiladi. Mana shu uylar 8-8,5 balli zilzilaga bardoshli qilib, quyma temir beton konstruksiyalar va gazoblokdan qurilgan. Devorlar xonadonda qishda issiq va yozda salqin saqlaydigan qurilish materiallari bilan qoplangan. Har bir xonadon alohida isitish tizimiga ega. Tabiiy gaz taʼminoti mavjud...