Bugun Qozogʻistonda oʻtayotgan sport kurashlari boʻyicha Osiyo chempionati oʻz yakuniga yetadi. Musobaqaning soʻnggi kunida erkin kurash boʻyicha navbatdagi 5 vazn toifasida gʻolib va sovrindorlar aniqlanadi. Unda gilamga chiqadigan yurtdoshlarimiz hamda ularning ilk raqiblari bilan tanishing:

-61 kg: Sardor Roʻzimov – Ibrohim Guzan (Yaman)
-74 kg: Jafar Chuliboyev – Adilet Japarkulov (Qirgʻiziston)
-86 kg: Bobur Islomov – Dovletmurat Orazgilijov (Turkmaniston)
-92 kg: Ajiniyaz Saparniyazov – Vumin Jang (Janubiy Koreya)
-125 kg: Sardorbek Xolmatov – Yexyun Jun (Janubiy Koreya) / Muzaffar Jappuyev (Qirgʻiziston)

Eslatib oʻtamiz, kecha boʻlib oʻtgan bahslarda Oʻzbekiston terma jamoasi 2 ta kumush va 1 ta bronza medallariga sazovor boʻldi.

Xususan, -70 kg vazn toifasining finalida gilamga chiqqan Zafarbek Otaxonov qozogʻistonlik Sanjar Dosanovga 0:2, -79 kg toifasining hal qiluvchi bahsida esa Bekzod Abdurahmonov boshqa bir qozogʻistonlik atlet Bolat Sakayevga 4:7 hisobida imkoniyatni boy berdi. Shu tariqa, har ikki polvonimiz mazkur qitʼa birinchiligini kumush medal bilan yakunlashdi.

Chempionatda terma jamoamiz hisobiga yozilgan yana bir bronza medaliga Maxsud Veysalov mualliflik qildi. - 97 kg vaznda uchinchi oʻrin uchun bahs olib borgan hamyurtimiz hindistonlik Dipak Dipakdan 12:9 hisobida ustidan keldi.