Joriy yilning 24-martidan boshlab:

jamoat joylarida, shu jumladan, yirik dehqon bozorlari va savdo majmualarida (supermarket, gipermarket va boshqalarda) tibbiy niqobdan va antiseptik vositalardan foydalangan holda harakatlanish boʻyicha sanitariya-gigiyena talablariga qatʼiy rioya etilishi boʻyicha nazorat kuchaytirildi.

Joriy yilning 25-martidan boshlab:

kasallik klinik belgilarsiz yoki yengil shaklda kechayotganligi sabab uy sharoitida davolanayotgan bemorlar salomatligi nazorati va davolanishini tashkil etish maqsadida zarurat boʻlgan hududlar birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida mobil brigadalar faoliyatini qayta yoʻlga qoʻyiladi.

Karantin cheklovlarini va sanitariya-epidemiologik talablarni buzayotgan fuqarolar belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi, shu jumladan, ushbu holatlarga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan qatʼiy choralar koʻrilishi belgilandi.

Hurmatli yurtdoshlar, Sogʻliqni saqlash vazirligi sizlardan koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida shaxsiy masʼuliyatni oshirishingizni, tibbiy niqoblarni tez-tez almashtirib turishingizni soʻrab qolamiz. Sanitariya-epidemiologik qoidalarga rioya kilmaslik salbiy oqibatlarga olib kelishini unutmang, oʻzingiz va yaqinlaringiz salomatligiga befarq boʻlmang!