Markaziy fitosanitariya laboratoriyasining 2022-yil 18-maydagi 2022-4371-sonli ekspertiza xulosasiga ko‘ra, Turkiya davlatining “PARLAR FIDAN” ko‘chatxonalaridan O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilgan shaftoli (Dixired navi) ko‘chatlarida “Olxo‘rining cho‘tir kasalligi” (Plum pox virus) aniqlangan.
Shu bois mazkur kasallikni O‘zbekiston Respublikasi hududida tarqalish xavfini oldini olish maqsadida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan vaqtinchalik import cheklovi o‘rnatildi.
Ma’lumot uchun, “Olxo‘rining cho‘tir kasalligi” (Plum pox virus) asosan Yevropa mamlakatlari, xususan, Avstriya, Angliya, Bolgariya, Vengriya, Germaniya, Gollandiya, Gretsiya, Moldova, Polsha, Rossiya, Ruminiya, Serbiya, Turkiya, Ukraina, Chexiya, Estoniya, Shvetsariya, Shvetsiya kabi mamlakatlarda tarqalgan.
Ushbu kasallik olxo‘ri, tog‘olcha, o‘rik, shaftoli kabi mevalarni zararlaydi. Kasallik tufayli chidamsiz daraxtlarning 25-50%, ba’zan 100% hosili yo‘qotiladi. Zararlangan daraxtlar mevasining ko‘pchiligi to‘kiladi, qolganlari mayda va ta’msiz bo‘lib qoladi. Kasallik belgilari daraxtlar virus bilan zararlangandan so‘ng 9-11 oy o‘tganda namoyon bo‘ladi. Shuningdek, kasallik bilan zararlangan mevalar vaqtidan oldin rangga kiradi, tarkibida qand moddasi kamayadi va sog‘lomlaridan 20-30 kun oldin to‘kiladi. Ularning bir qismi mumiyolashadi. Kuchli zararlangan chidamsiz navlarning hosili butunlay yo‘qotilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022-yil 12-martdagi 3 va 5-son qaroriga muvofiq “Olxo‘rining cho‘tir kasalligi” (Plum pox virus) O‘zbekiston Respublikasi uchun karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan zararli organizmlar ro‘yxatiga kiritilgan.