Avvalroq yurtimiz boʻylab vaksinatsiya jarayonlarida ZF-UZ-VAC2001 —oʻzbek-xitoy vaksinasi va Yevropaning AstraZeneca vaksinasidan foydalanishga tayyorgarlik koʻrilgani haqida xabar bergan edik.

Aprel oyi davomida Toshkent va Nukus shahri hamda viloyatlar markazlaridagi 219 ta emlash punktlarida bir oyda 142,3 ming emlash oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, birinchi navbatda 65 yoshdan kattalar va koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish xavfi yuqori boʻlgan tibbiyot xodimlarini emlash koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, surunkali kasalliklari bor aholi vakillari, maktab va maktabgacha taʼlim muassasalari, qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini ham birinchi navbatda emlash rejalashtirilgan.

Buning uchun mamlakat boʻylab 3 138 ta emlash punktlari va 862 ta harakatdagi tibbiy brigadalar shay holatga keltirildi.

Hududlarga vaksinalarni tashish uchun COVAX dasturi doirasida 17 ta avtorefrijerator, 206 ta yuk tashuvchi miniven va 16 ta yengil avtotransport vositalari keltirildi.

Emlash jarayonlari uchun 4 ming nafardan ortiq shifokor va 11 ming nafardan ortiq oʻrta tibbiyot xodimi jalb qilingan.

Emlash jarayonlari haqida keyingi xabarlarimizda maʼlumot berib boramiz.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.