Birinchi ochiq muloqotga barcha – tadbirkorlar, vazirlik va idoralar, qolaversa, davlat rahbari ham tayyorgarlik koʻrdi. Shu maqsadda 24/7 rejimida tadbirkorlarning murojaatlarini toʻplash va tahlil qilish boʻyicha shtab tashkil etildi.

Tadbirkorlardan 15 mingdan ortiq savol, taklif va tashabbuslar kelib tushdi va shu kungacha, joylarda ularning koʻpchiligi hal etildi.

Ochiq muloqot chogʻida tadbirkorlarning dolzarb muammolari, ularni hal etish yoʻllari, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʻyicha taklif va tashabbuslar muhokama qilindi.

Prezidentning aytishicha, bugun Oʻzbekistonda tadbirkorlar soni 1,5 million kishini tashkil etadi. Ushbu tadbirkorlarga qarashli korxonalarda 5 millionga yaqin kishi mehnat qilmoqda.

Tadbirkorlar oldida turgan muammolarni hal etishning muhim yoʻnalishlari belgilab olindi.

Davlat rahbarining taʼkidlashicha, mamlakatda kredit va subsidiyalar olish, litsenziya, koʻchmas mulk va resurslarga ega boʻlish uchun koʻplab shart-sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, birgina oʻtgan 2 yil mobaynida mamlakatimiz xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun 500 million AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritilgani qayd etildi.

Eslatib oʻtamiz, Markaz tomonidan oʻtkazilgan parallel tadqiqot shuni koʻrsatdiki, tadbirkorlarning 41% oʻz biznesining hozirgi holatini “yaxshi” deb baholagan.

Tasviriy ifodalovchi soʻzlardan foydalanib, Markaz tahlilchilari davlat rahbari nimaga koʻproq eʼtibor qaratayotganini aniqlashdi. Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida jami 5 527 ta soʻzdan foydalangan.

Prezidentning nutqini tahlili qilish (asl tildan) tadbirkorlarning eng dolzarb muammolari soliqlar va kreditlar ekanligini koʻrsatdi.

Prezident tomonidan eng koʻp tilga olingan soʻzlar “tadbirkor”, “soliqlar” va “kreditlar” boʻldi. (1-rasm).

Xususan, “tadbirkor” soʻzi 125-marta “soliqlar” soʻzi 44-marta va “kreditlar” soʻzi 26-marta tilga olingan. “Bank” va u bilan bogʻliq soʻzlar 23-marta aytilgan.

Davlat rahbari soliq tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida gapirar ekan, biznesga soliq yukini imkon qadar kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni eʼlon qildi.

Qoʻshilgan qiymat soligʻining uzluksiz zanjirini yaratishga eʼtibor qaratiladi. Shuningdek, ichki bozorda teng raqobat boʻlishi uchun eksport mahsulotlari ishlab chiqarishga olib kelingan xom ashyo import bojidan ozod etiladi.

Yil oxiriga qadar 13 ming umumiy ovqatlanish korxonasi yer soligʻi va mol-mulk soligʻidan ozod qilinadi. Ularning boshqa soliqlar boʻyicha 35 mlrd. soʻm miqdoridagi qarzlari joriy yil oxiriga qadar uzaytiriladi va kreditlarni qaytarish kechiktiriladi.

Turistik kompaniyalar va mehmonxonalar 2 yil muddatga turistik toʻlovlardan ozod qilinadi.

Shavkat Mirziyoyev kreditlar boʻyicha foiz stavkalarini pasaytirish haqida gapirdi. Murojaatlarning 40 foizi biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalari bilan bogʻliq ekanini taʼkidladi. Xususan, kredit stavkalarining yuqoriligi va koʻplab kreditlarning qisqa muddatga, tadbirkor uchun noqulay shartlarda berilayotgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan kredit boʻyicha foiz stavkalari kamida 5 foizga pasaytiriladi. Unga koʻra, tijorat banklarida har yili oʻrtacha 30-40 trillion soʻmlik milliy valyutadagi uzoq muddatli qoʻshimcha resurslar shakllanadi. Buning natijasida tadbirkorlar milliy valyutadagi kreditlarni uzoq muddatga va hozirgi stavkalardan arzonroq olishlari mumkin boʻladi.

“Valyuta” soʻzi kontekstda 15-marta ishlatilgan. Jumladan, Moliya vazirligi huzurida Valyuta xatarlarini boshqarish kompaniyasi va hududlarda uning filiallari tashkil etilishini maʼlum qildi. Tadbirkorlarning xorijiy valyutadagi 1 mlrd dollarlik kreditlari milliy valyutaga oʻtkaziladi. Ushbu chora-tadbirlar kreditlar boʻyicha foiz stavkalarini pasaytiradi va dollar kursining oshishi tadbirkorga qoʻshimcha muammo tugʻdirmaydi.

Tahlil natijalari shuni koʻrsatdiki, Prezident nutqining 33% moliyalashtirish va kreditlash masalalariga qaratildi.

Nutqning 15 % tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq misollar tashkil etdi. Sanoatni rivojlantirish masalalari – 14 %.

Yoʻnalishlar boʻyicha soʻzlarning taqsimlanishi shuni koʻrsatdiki, Prezidentning nutqining aksariyati moliyalashtirish va kreditlashga qaratildi, koʻpincha tadbirkorlik, sanoat, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun munosib sharoitlar va muammolar, soliq tizimini takomillashtirish, infratuzilma, tashqi savdo, eksport, transport va logistika, ish oʻrinlari yaratish, subsidiyalar, davlat xizmatlari va yer ajratish haqida gapirdi.

 

 

 

 

2-rasm. Yoʻnalishlar boʻyicha soʻzlarning taqsimlanishi

Davlat rahbari bundan buyon davlat mulki obyektlarini, ular joylashgan yer bilan birga yagona mulkiy majmua sifatida auksion orqali sotilishini maʼlum qildi. Binoni sotib olgan tadbirkorlar unga biriktirilgan yerga ham xususiy mulk huquqi asosida egalik qiladilar.bundan buyon davlat mulki obyektlarini, ular joylashgan.

Davlat rahbari bilan ochiq muloqot chogʻida koʻplab sohalar boʻyicha turli mavzular yoritildi. Ulardan eng muhim oltitasi:

  • moliyalashtirish va kreditlash;
  • soliq tizimini takomillashtirish, biznesga soliq yukini kamaytirish;
  • yer ajratish va xususiy mulk masalasi;
  • infratuzilma muammolari;
  • eksport qiluvchi korxonalarni qoʻllab-quvvatlash, kichik biznesni eksport faoliyatiga jalb etishning yangi imkoniyatlari;
  • transport va logistika.

Shunday qilib, davlat rahbari mamlakatimizda tadbirkorlik sohasini isloh qilishning yangi dasturini shakllantirdi.