Bu dunyoda kimgadir kerakligini his qilib yashash insonga hamisha ilohiy kuch, so'nmas bir hayotiy zavq bag'ishlab turadi. Aslida hayotning mazmuni ham shu. Odamlarga keraging bo'lsa, yurtga nafing tegsa, ortingdan yaxshiliklar, ezgu amallar qolsa-yu, insonlar seni iliq xotiralar bilan tilga olsa, shundagina bu yorug' dunyoga shunchaki kelib-ketmaganing, umringni behuda o'tkazmaganingdan ko'ngling to'ladi.
May oyidan buyon teatrimizning barcha aktyorlari shoiru yozuvchilar, xonandalar, ma'naviy targ'ibotchilar bilan birga respublikamizning turli hududlarida “Yangi O'zbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori ostidagi ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarda qatnashib kelyapti. Ular qatori men ham Sirdaryo va Navoiy viloyatlari, Qoraqalpog'istonda bo'ldim. Avvalo, ta'kidlashni istardimki, safarlarimiz davomida bugungi kunning, bugungi odamlarning chindan ham butunlay boshqa ekanini ularning ko'zlarida yaqqol sezdik. Ayniqsa, Navoiyda. Bu viloyatga ayni jaziramada bordik. Shunga qaramay, odamlar yuzlarida tabassum ila biz bilan uchrashgani oshiqib kelyapti. Ular bilan yaqindan, samimiy muloqot qilar ekanmiz, “bugungi o'zgarishlarni tan olish kerak, yurtimizda misli ko'rilmagan ishlar amalga oshyapti”, deb gap boshlasak, shukronalik hissi bilan so'zlarimizni ma'qullashdi. Bu bizga yana ilhom bag'ishlab, yurtimizni madh etguvchi she'rlar qo'shiqlarga ulandi.
G'ozg'on shahrida ham bo'ldik. 100 ming kishilik shahar. Hokimi ham yosh, yangi shaharga yangicha ruh berishga shay inson ekan. Yangi tashkil etilgan shaharning ilk mehmonlari bo'lganimizdan g'ururlandik, bu erning tuprog'idan 7 xil marmar olinishini eshitib, faxrlandik. Hatto Moskva metrosini qurishda ham G'ozg'on marmaridan foydalanishgan ekan. Nafaqat marmar, bu erda granitlarni ham ko'rdik. Mahalliy aholi bilan muloqotda bo'ldik, bizni G'ozg'onni shaharga aylantirish masalasida Prezidentga murojaat qilgan, hozir 100 yoshga kirgan urush qatnashchisining uyiga ham olib borishdi. Murojaati inobatga olingani uchun Prezidentga minnatdorlik bildirgan ekan. Ishonasizmi, haligi odamning yonida bir qancha kitoblar terilib turibdi. Qiziqib, bir-ikkitasini varaqlab ham ko'rdik. Bugungi o'zgarishlar haqida yozilgan ekan. Shu yoshda otaxon bularning barini o'qiy olayotganiga havas qilib, “ilohim, ko'z tegmasin”, dedik. Yoniga ordenlar to'la kostyumlarini ilib qo'yishibdi, rosa havas qildik. Otaxon bir umr o'qituvchilik qilgan ekan, barcha farzandlari ham o'qituvchilik kasbini egallashibdi. Nabiralari ham bobosining kitobxonligidan ilhomlanib, kitobxon bolalar bo'lishibdi. Mana, joylarda qanday yurtdoshlarimiz bor!
Ko'plab qishloqlarda bo'ldik. Bir qishloq ahli “to'g'ri, o'choqqa o'tin yoqib ovqat pishiramiz, lekin vay-fayimiz bor”, deb rosa kuldirishdi bizni. Nurotani aytmaysizmi? Bu erdagi chashma-yu, ko'zni quvnatguvchi baliqlarni ko'rib, rohatlanasan kishi. Toza buloq suvlari bor bu go'shada qancha-qancha ziyoratgohlar obod bo'lyapti.
Bugungi Qoraqalpog'iston, ayniqsa, Mo'ynoq haqida gapirishga hojat ham yo'q. 1972-yilda birinchi marta Qoraqalpog'istonga borgan edik. O'shanda bitta restoran, bitta mehmonxona bo'lar edi. Faqat tuxum va baliqdan bo'lak egulik topish ham amrimahol, har kuni bir xil taom yerdik. Oyoq bosmaydigan joylar edi. 100-150 kilometr joyga qiynalib borib spektakl qo'yar edik. Uzoqqa bormaylik, bundan 6-7 yil avval ham Mo'ynoq xalqi umidsiz, Orol fojiasidan xavotirda yashar edi. Sal ilgari ishsizlik, turli kasalliklardan bezor bo'lgan Mo'ynoq xalqi yaxshi niyat bilan hayotga umid bog'lab yashagani uchun dorilamon kunlarga etdi. Bugungi hayotbaxsh islohotlar Mo'ynoqni tubdan o'zgartirib yubordi. Chindan ham mo''jiza yuz berayotgandek bu yurtda. Xuddi manasliklar kabi mo'ynoqliklarga ham havasingiz keladi. Bu yurtga borishni orzu qilasiz. Qad rostlagan va ayni paytda ham qurilayotgan binolarga qarab, bu yerda chinakam yangi hayot boshlanganini his qilasiz.
O'z-o'zidan davlatimiz rahbarining “Madaniyat Mo'ynoqdan boshlanadi”, degani ham bejiz emasligiga amin bo'lasiz. Qoraqalpoqning aksariyat taniqli davlat arboblari, O'zbekiston Qahramonlari, olimlar, shoir-yozuvchilar, madaniyat sohasi vakillari Mo'ynoqda ulg'aygani buni tasdiqlaydi.
Jumladan, qoraqalpoqning sevimli shoirlari Berdaq va Ajiniyoz asli mo'ynoqlik. Qoraqalpog'istonni uzoq yillar boshqargan Qallibek Kamolov, marhum Sag'indiq Niyetullaev, Ubbiniyaz Ashirbekov va Timur Kamolov ham Orolga yaqin joyda tug'ilganlar-ku.
Mana shunday insonlarni ulg'aytirgan xalq bilan ham uchrashdik. Rus markazi vakillari bizni markazga taklif qilishdi. “Markazimiz ta'mirlangan, juda chiroyli bo'lgan”, deb sevinishyapti. Qoraqalpoq o'tovlarini aytmaysizmi? Ishonasizmi, kechki soat to'qqiz yarimda boshlangan tadbir o'n ikkida tugadi. Birov qilt etmadi. San'atni shunchalar sog'inibdi odamlar. SHunaqa chiroyli tadbir bo'ldi. Minhojiddin Mirzo ikki xalqning qardoshligi, samimiy do'stlik rishtalari, bugungi ma'naviy yangilanishlar haqida uzoq gapirdi. O'zbek-qoraqalpoq qo'shiqlari yangradi. Muyassar Razzoqovaning jarangdor ovozi o'z elining tog'u toshlarida aks sado berdi go'yo.
Sirdaryoga safarimiz yanada hayratomuz bo'ldi, desam mubolag'a o'xshar balki. Ayniqsa, Sardobada ko'nglimdan kechganlarini so'z bilan tasvirlab bera olmayman. Tez fursatda bunyod bo'lgan zamonaviy shaharda xalq bilan uchrashar ekanmiz, 2020-yilgi Sardoba voqealari bir-bir ko'z oldimdan o'tdi. Boshpanasiz, chorasiz qolgan odamlar. Uylarning tomlarida bo'lsa ham jon saqlashga uringan, lekin tabiiy ofatga dosh berolmagan qancha-qancha jonivorlar. Milliy boyligimiz deb ko'z tikkanimiz — suv yuvib ketgan paxtazorlar. Falokatdan ko'ngli cho'kib, ko'zi yoshlangan odamlarni hech narsadan qo'rqmaslik, ertangi hayotgan ishonishga chorlayotgan Prezidentimiz. Xayolimni yangi uylarning derazalaridan bosh chiqarib, zavq-shavq bilan bizni olqishlayotgan odamlar tarqatib yubordi. Minhojiddin Mirzo yarmi hazil, yarmi chin ohangda “e, baraka topgurlar, pastga tushinglar”, deb yosh bolalardan xavotirlanganini bildirib qo'ydi. Pastda odam ko'pligidan artistlarni ko'rolmay qolamiz, deb yuqoridan tomosha qilishayotgan edi.
Eh, safarlardagi taassurotlar bitta maqolaga sig'maydi. eng muhimi, xalqimizning san'atsevar ekani, bugungi kundan, hayotidan roziligi ularning ko'zlarida aks etib turardi. Mana shunday xalq bilan birga ekanimizga ming shukrlar aytdik. Zero, butun dunyo koronavirus balosi bilan olishib turgan bir paytda odamlarimizning ko'zi kulib turgani eng katta baxtimiz ekanini chuqur his qildik. Hech qaysi mamlakat rahbari pandemiya davrida san'atga, madaniyatga, ilm-fanga bu qadar e'tibor bermagan bo'lsa kerak. Bu ham bo'lsa, xalqimizni tushkunlikka tushirmaslik, qalbida ertangi kuniga ishonch tuyg'usini so'ndirmaslikning amaldagi ko'rinishi, deb bilaman. O'zingiz o'ylang, o'tgan yilgi eng kuchaytirilgan karantin davrida ham bironta teatr o'z faoliyatini butunlay to'xtatib qo'ymadi. Repertuaridagi barcha spektakllar onlayn tarzda bo'lsa-da, xalqqa namoyish qilindi. Aktyorlarning repetitsiya jarayonlaridagi ishtiroki ham onlayn bo'ldi. Bu oson emas. Sahnada, yuzma-yuz turib tayyorgarlik qilgan qaerda-yu, masofadan ishlagan qaerda? SHunday bo'lsa-da, rahmatli Fathulla Ma'sudov boshchiligida sahnalashtirish jarayonlarida barchamiz faol ishtirok etdik.
Mana shunday ishlarimiz, umuman, san'at va madaniyat xodimlarining mashaqqatli mehnati ham Prezidentimiz e'tiboridan chetda qolmadi. Kelgusi yildan boshlab 15 aprel` sanasi Madaniyat va san'at xodimlari kuni sifatida nishonlanishi belgilab qo'yildi. San'atkor va madaniyat xodimlariga bo'lgan bunday e'tirof, bunday e'tibor, albatta, bizga kuch, yangi-yangi g'oyalar beradi. Sohaga doir qaror, farmonlar ijrosi asta-sekin ijro etilib, kino, teatr borasida yillab echimini topmay yotgan muammolar yaqin yillarda o'z echimini topadi. Zero, har bir ish o'z-o'zidan bo'lmaydi. endi belgilangan vazifalar qog'ozda qolib ketadigan davr emas.
Poytaxtimizning eng so'lim go'shasi — Milliy bog' hududida Adiblar xiyoboni barpo bo'ldi. Bu ezgu, go'zal ishlar zamirida bugunning yoshlari buyuk ajdodlarimiz, millat fidoyilarining hayot yo'lini o'rgansin, ularning millatparvarligidan o'rnak olsin, yurt uchun jonni fido qilishga-da tayyor bo'lishning mukofoti qanday bo'lishini ko'rishsin, degan ezgu niyatlar, maqsadlar mujassam. Ma'rifatparvar ajdodimiz Abdulla Avloniyning avlodi sifatida aniq aytamanki, jadidlar o'z oilasi, halovatidan kechib, yurt taqdiri, kelajagi uchun qayg'urishdi. O'zlarining mablag'iga maktablar ochib, o'zlari darsliklar chop etishdi. Muallim ham o'zlari, teatr sahnasida xalqni o'zligiga chorlagan, ilm-ma'rifatga da'vat etgan ham o'zlari bo'ldi.
Jordano Bruno “er aylanadi”, deganda uni yoqishmoqchi bo'lishgani haqida eshitganmiz. Ming tavba tazarru qildirishsa ham “er baribir aylanadi”, degan. Avloniyga ham “o'lsang, janoza o'qimaymiz”, degan taxdidlar bo'lsa-da, bir umr xalqining xizmatini qildi. Kelajakning yorug' ertasi, millat istiqbolini jonidan afzal bildi. Buyuk odamlarning yonida buyuk ayollar bor, deyishadi. Salomat buvim Abdulla bobomga g'oyat sadoqatli bo'lganini 1966 yilda “Saodat” jurnaliga bergan ma'lumotlari ham ko'rsatib turibdi:
“Hozir 80 dan oshganman. Hayotimning 34 yili shoir Avloniy bilan birga o'tdi. U kishining vafotiga, mana, 32 yil bo'ldi. Lekin dilkash qiyofalari, xushchaqchak tabiatlari, hammani lol qoldiruvchi hazil-mutoyibalari ko'z oldimda turibdi. Men u kishiga 1900 yilda turmushga chiqdim. Orqavorotdan domlaning iste'dodi haqida ko'p eshitgandim. Niyatlar ushaldi, eng yaqin kishilari bo'lib qoldim. Inqilobdan ilgari sertashvish yillarning uqubatlarini birgalikda baham ko'rdik. U kishi adabiyotning shaydosi edilar. Tunlari stolga muk tushgancha nimalarnidir yozib chiqar va ertasiga yosh boladek quvonib, o'rtoqlariga o'qib berardilar. Ko'pincha stol chetiga qo'yib ketgan ovqatim sovib qolardi. Uyimizdan mehmon arimasdi”.
1934-yilgacha Avloniy yozgan har bir hikoya, she'r, umuman, kichkina qog'ozlarni ham asrab-avaylab, bolaxonada saqlagan ayolga minnatdorlik aytaman. Zero, shunday oqila ayollarimizning har biri milliy adabiyotimiz boy merosiga munosib hissa qo'shishgan.
Bugun yoshlarimiz Adiblar xiyobonidagi ma'naviyat saboqlarida, ochiq osmon ostidagi noan'anaviy darslarda mana shular haqida keng tushunchaga ega bo'lyapti. Nega 24 nafar adibga haykal o'rnatilib, bu qadar e'zozlanayotganining mohiyatini anglab etmoqda.
O'tgan yili O'qituvchi va murabbiylar kuniga bag'ishlangan tantanali tadbirda Prezidentimizning Mahmudxo'ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniyga “Buyuk xizmatlari uchun” ordenini berish to'g'risidagi farmonni imzolaganini eshitib, ko'nglim tog'dek ko'tarildi. Bu kunlarni o'zlari ko'rmasa-da, biz, avlodlar ularning nomlari, mehnatlari ro'yobga chiqqanining guvohi bo'lib turibmiz. Bugungi yorug', farovon kunlar ajdodlarimizning asriy orzu-umidlari edi.
Bugun biz yangi O'zbekistonda chinakamiga erkin va farovon yashayapmiz. Agar e'tiroz etsangiz, ayting-chi, qaysi davlatda pandemiya davrida fan-ta'lim, san'at va madaniyat, kino san'atini rivojlantirish haqida qarorlar qabul qilinyapti? Qaysi yurt bizning maqom va baxshichiligimizdek milliy boyliklarini asrab, alohida maktablar ochyapti? Yana ayting-chi, shunday murakkab vaziyatda ham qaysi yurtning san'atkoru ziyolilari quchoq ochib xalq ichiga kiryapti? Ijtimoiy, iqtisodiy hayotda ham bizdagidek keng imkoniyatlar ayni paytda qaysi mamlakatlarda yaratib berilyapti? Bularning bari odamlarimiz qalbida shukronalik hissini uyg'otayotgani yolg'onmi?
Ilohim, kundan-kunga chiroy ochib borayotgan mustaqil diyorimizga ko'z tegmasin! Xalqimizning ko'ngli yoshargani, ertangi kunga umidi ortgani ortida bundan-da buyuk ishlarga qodir bo'lishimiz rost bo'lsin!
Gavhar ZOKIROVA,
O'zbekiston xalq artisti