Xo‘sh, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining qanday konstitutsiyaviy burchlari bor? Umuman burchlarni bilmaslik qanday oqibatlarga olib keladi? Shu va boshqa savollar bilan Toshkent davlat yuridik universiteti Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi dotsenti, yuridik fanlari nomzodi Oqilaxon Qoraxo‘jayevaga murojaat qildik.
— Konstitutsiyaviy burchlarning huquqiy mohiyati deganda nima tushuniladi?
— Avvalambor shuni ta’kidlash kerakki, majburiyatlar inson huquqlarini ta’minlashning eng muhim omili va asosiy kafolatidir. Burchlarning salmoqli qismi huquqiy normalarda davlat tomonidan belgilangan aniq qoidalarni bajarishni talab etadi. Burchlarning bajarilishidan jamiyat a’zolari, ya’ni fuqarolar ham, davlat ham birdek manfaatdordir, chunki ularning to‘la bajarilishi barchaning hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Huquq va erkinliklarning amalga oshirilishi esa bir vaqtning o‘zida ularni buzishga yo‘l qo‘yilmaslikni, qonunlarda belgilangan burchlarni bajarishni talab etadi. Shuning uchun Konstitutsiyada jamiyat va davlat hayoti uchun umumiy va eng zarur, qilinishi majburiy yoki qilish mumkin bo‘lmagan xatti-harakatlar burch sifatida belgilangan bo‘lib, ular alohida o‘rin va ahamiyat kasb etadi. Konstitutsiyadagi burchlar asosiy burchlar deb ataladi va fuqarolarning “konstitutsiyaviy burchi” yoki “asosiy burchi” deyilganda ular bir ma’noda tushuniladi. Shundan kelib chiqib konstitutsiyaviy burchlar fuqarolar huquqiy maqomining asosiy belgilaridan biri hisoblanadi. Agar huquq shaxsga o‘z harakatining turi va me’yorini tanlash imkoniyatini beradigan bo‘lsa, burch huquqiy normalarda belgilangan talablarni bajarishni talab etadi, bajarilmaganda esa javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. Javobgarlik Konstitutsiyaning o‘zida to‘g‘ridan to‘g‘ri belgilanmay, burchlarni bajarmaganlik uchun amaldagi qonunchilikda turli jazo nazarda tutiladi.
— Konstitutsiyalarda qanday turdagi burchlar belgilanadi?
— Aksariyat mamlakatlarning Bosh qonunlarida konstitutsiyaviy majburiyatlarning quyidagi turlari bevosita yoki bilvosita belgilangan bo‘ladi:
— Konstitutsiya va qonunlarga bo‘ysunish;
— soliq to‘lash;
— tabiat va atrof-muhitni asrash, tabiiy resurslarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish;
— ota-onalarning bolalarga g‘amxo‘rlik qilishi va voyaga yetgan bolalarning mehnatga layoqatsiz, nogiron ota-onalariga g‘amxo‘rlik qilish burchi.
Shu bilan birga, qonunchilikda fuqarolarning boshqa majburiyatlari ham bo‘lishi mumkin. Misol uchun, qator mamlakatlarda fuqarolar uchun umumiy muddatli harbiy majburiyat, bilim olish, saylovda qatnashish kabi burchlar mastahkamlangan. O‘zbekiston Respublikasida esa asosiy burchlar Konstitutsiyaning “Fuqarolarning burchlari” deb nomlangan va oltita moddadan iborat XI bobida mustahkamlanib qo‘yilgan. Bu burchlar fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy huquqlari bilan bog‘liq bo‘lib, ularning amalga oshirilishi aniq majburiy xatti-harakatlarni bajarilishini talab etadi.
— O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining qanday asosiy burchlari mavjud?
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XI bobiga ko‘ra, barcha fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan burchlarini bajarishga majbur ekani mustahkamlangan bo‘lib, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa insonlarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga, O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosini asrab-avaylashga, atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga, qonun bilan belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lashga hamda O‘zbekiston Respublikasini himoya qilishga majburdirlar.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XIV bobida ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga, hamda voyaga yetgan mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburar ekani belgilangan.
Shu bilan birga, yangilangan Konstitutsiyaning 50-moddasida umumiy o‘rta ta’lim majburiyligi belgilanganini ta’kidlash kerak. Ushbu normaga asosan maktab yoshidagi har qanday bola maktabda o‘qishi shart, bunga hech kim to‘sqinlik qilishi mumkin emas va ushbu majburiyat talim oluvchiga ham, talim tashkilotiga ham birdek mas’uliyatni yuklaydi.
— Burchlarni bajarilishida qandaydir istisno holatlar mavjud bo‘lishi mumkinmi?
— Burchlarni bajarish masalasiga to‘xtalar ekanmiz, shuni ta’kidlash joizki, ular ma’lum bir davlatning fuqarolaridan tashqari, chet davlat fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ham tegishli bo‘lishi mumkin. Lekin an'anaga ko‘ra, fuqaroning majburiyatlari chet davlat fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarlarning burchlariga nisbatan to‘liqroq va ko‘proqdir. Masalan, umumiy harbiy majburiyat O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yoki vaqtincha yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga tatbiq etilmaydi.
— Konstitutsiyada davlatning majburiyatlariga oid qoidalar belgilanganmi?
— Ha, albatta. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan o‘zaro huquq va majburiyatlar bilan bog‘liqdir” degan norma belgilangan. Unga ko‘ra, burchlar nafaqat fuqarolarga, balki davlatga ham tegishlidir. Masalan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 61-moddasida “Tarixiy, maʼnaviy, madaniy, ilmiy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinadi” degan norma bor. Mazkur norma tarixiy, maʼnaviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosni muhofaza qilish hamda undan samarali foydalanish bo‘yicha davlatning konstitutsiyaviy majburiyatlarini kengaytirishga asos bo‘ldi.
Shuningdek, mazkur o‘zgartishning kiritilishi dunyo tamaddunida munosib o‘ringa ega bo‘lgan shonli ko‘p mingyillik tariximizni o‘rganish, maʼnaviy va madaniy merosimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga hamda O‘zbekistonning tabiiy merosi asl holida saqlanishiga va uni kelajak avlodlarga bezavol yetkazishga xizmat qiladi.
Toshkent davlat yuridik universiteti bosh mutaxassisi
Javlon Vafoyev suhbatlashdi.