Bu tadbirda olti mamlakatning neft va gaz sohasidagi 86 ta eng malakali texnik mutaxassislari oʻz kasbiy mahorati va salohiyatini namoyish etdi.
Tarixda ilk bor Oʻzbekistonda oʻtkazilgan bu musobaqa nafaqat kasbiy mahoratni sinash, balki turli mamlakatlar mutaxassislari oʻrtasida tajriba almashish, doʻstona hamkorlik va innovatsion yondashuvlarni rivojlantirish uchun muhim platforma boʻldi.
Musobaqa “Asia Trans Gas” MCHJ qoʻshma korxonasi mezbonligida, CNPC (China National Petroleum Corporation) tashkilotchiligi hamda “Oʻzbekneftegaz” AJ koʻmagida oʻtkazildi. Bu yilgi musobaqa 2021-yildan beri oʻtkazib kelinayotgan xalqaro loyihaning toʻrtinchi bosqichi boʻlib, hozirgacha boʻlganlar ichida eng keng qamrovlisi hisoblanadi.
— Ushbu musobaqa quvurlarni boshqarishdagi asosiy operatsion rollarni qamrab oldi va ishtirokchi mamlakatlar soni, ishtirokchilar soni hamda vakillik qilinadigan kasblar xilma-xilligi boʻyicha bugungi kungacha eng yirik tadbirga aylandi, — dedi CNPC xodimlarni boshqarish departamenti bosh direktori oʻrinbosari Xu Xunmin. — Ushbu musobaqalar mahorat namoyishlarini oʻz ichiga oladi, bu esa ishtirokchilarga nafaqat raqobatlashish, balki xalqaro hamkasblaridan oʻrganish imkonini beradi. Bu ajoyib imkoniyat. Umid qilamanki, barcha ishtirokchilar oʻzlarining eng yaxshi natijalarini koʻrsatishadi va oʻzlarining ajoyib mahoratlari hamda chinakam isteʼdodlarini namoyish etishadi. Shu bilan birga, hamma bu yerda shakllangan doʻstlikni qadrlaydi, oʻzaro hurmat koʻrsatadi va xalqaro mutaxassislarning ruhi hamda uslubini namoyon etadi.
Musobaqada Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Myanma, Niger va Benin davlatlaridan kelgan 9 ta jamoa ishtirok etdi.
— Buxoroga borishimizni eshitib quvondim. Ilgari mamlakatingiz haqida eshitganman, lekin internetda “Buxoro” deb qidiruv berganimda, bu goʻzal shahar suratlarini koʻrib hayratlandim. Chiroyli maskan, mehmondoʻst odamlar, — deydi Myanmadan kelgan ishtirokchi Kaung Myat Kyav. — Biz, ishtirokchilar uchun barcha sharoitlar aʼlo darajada yaratilgan. Bizni tantanali kutib olishdi. Musobaqa uchun ham barchasi yuqori darajada tashkillashtirilgan. Gʻolib boʻlmasam ham, bunday nufuzli xalqaro musobaqada qatnashishimning oʻzi men uchun gʻalaba.
Musobaqa shartlariga koʻra, yuk koʻtarish ishlari, elektrotexnika, quvurlarni oʻrnatish, payvandlash, avtomatlashtirish va oʻlchov asboblari boʻyicha, shuningdek katod himoyasi mutaxassislari mahorati boʻyicha bilim va koʻnikmalar sinovdan oʻtkazildi.
Har bir jamoaning ishtirokini hakamlar hayʼati sinchkovlik bilan kuzatib, adolatli baholab bordi. Jamoalarning ish jarayonida eng avvalo jamoaviy harakatlari, tezkorligi, favqulodda holatlarga tayyorgarligi hamda oʻz vazifasini mahorat bilan bajarish tajribasi asosida baholandi.
Jami 36 ta medal qoʻlga kiritildi: 8 ta oltin, 12 ta kumush va 16 ta bronza. Shu bilan birga, “Eng yaxshi tashkilotchi boʻlinma” nominatsiyasi boʻyicha 5 ta maxsus mukofot topshirildi.
Ikki kun davom etgan bahslarda “Asia Trans Gas” jamoasi jami 12 ta medalni qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida gʻolib boʻldi.
— Bugun har birimiz gʻolibmiz. Axir, biz medallar yoki reytinglar uchun kurashmadik. Biz bilim uchun kurashdik, mahoratini oshirdik, tajriba almashdik va bir-birimizdan oʻrgandik. Biz barchamiz yagona maqsad — mamlakatlarimiz va butun qitʼalarning energiya barqarorligini taʼminlashga xizmat qilayotgan bitta katta jamoamiz, — deydi musobaqa sovrindori, “Asia Trans Gas” xodimi Aleksandr Matrosov. — Ha, biz turli tillarda gaplashamiz, lekin bu hech qachon bir-birimizni tushunishimizga toʻsqinlik qilmagan. Axir, bizning umumiy tilimiz bor — professionallik, oʻzaro hurmat va mukammallikka intilish tili.
Buxoroda boʻlib oʻtgan “Bir makon – bir yoʻl” tashabbusi doirasidagi Kasbiy mahorat boʻyicha CNPC xalqaro musobaqasi – 2025 nafaqat ishlab chiqarish sohasidagi malakali kadrlar salohiyatini oshirish, balki xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yoʻlida muhim qadam boʻldi.
Bu tadbir orqali turli mamlakatlar mutaxassislari oʻrtasida tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalar va xavfsiz mehnat standartlarini joriy etish, shu bilan birga yoshlar orasida neft-gaz sohasiga boʻlgan qiziqishni oshirish imkoni yaratildi.
Oʻzbekiston uchun esa mazkur musobaqa mamlakatning energetika sohasidagi nufuzini yanada oshirgan, uni xalqaro miqyosda ishonchli hamkor sifatida namoyon etgan muhim voqea boʻldi.
Jasurbek LAPASOV










