Ishtirokchilar forumning dastlabki kunlari oʻtkazilgan ilmiy-amaliy seminarlar yakunlarini, shuningdek, Marrokash, Jakarta, Punto-del-Este va Makkada qabul qilingan avvalgi deklaratsiyalarning eng muhim qoidalarini muhokama qiladilar. Diniy bagʻrikenglikni taʼminlash sohasida oʻzaro tajriba almashadilar. Mehmonlarga Oʻzbekiston xalqining boy madaniy va maʼnaviy merosi haqidagi maʼlumotlar taqdim etiladi.
Dunyoda roʻy berayotgan dolzarb tendensiyalarni hisobga olgan holda qabul qilinadigan “Buxoro deklaratsiyasi”ni har tomonlama puxta ishlab chiqish maqsadida taniqli ilohiyotshunoslar, diniy olimlar va huquqshunoslarning fikrlari va boshqa barcha deklaratsiyalarni ishlab chiqishdagi asosiy tamoyillar hisobga olinmoqda.
Shu bilan birga, “Buxoro deklaratsiyasi”ni tayyorlashda turli mamlakatlardan kelgan koʻplab vakillarning ishtiroki mamlakatimizning din erkinligi va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash borasidagi siyosati samaradorligi xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinganidan dalolat beradi.
Oʻzbekiston tashabbusini qoʻllab-quvvatlash uchun forumda Jahon musulmonlar ligasi Bosh kotibining maxsus vakili Abdul Aziz Sarhan (Saudiya Arabistoni), AQSHning Xalqaro diniy erkinlik boʻyicha komissiyasi raisi Nadin Mayenza, Argungu amirligi amiri Alxaji Samayl Muhammad Mer (Nigeriya), Indoneziya Fanlar akademiyasining Madaniyat boʻyicha komissiyasi raisi Amin Abdulloh va boshqa taniqli mutaxassislar, diniy ullamolar va ilohiyotchilar ishtirok etmoqda.
“Buxoro deklaratsiyasi” taʼlim va bagʻrikenglik madaniyati, turli dinlar tarafdorlarining milliy anʼanalariga hurmat bilan yondoshish va ularning huquqlarini taʼminlash, jahon miqyosida ijodiy muloqotni mustahkamlash gʻoyalarini targʻib qilishga qaratilgan xalqaro hamjamiyat uchun muhim hujjat boʻladi.