Aniqlanishicha, F.Fayziyev “Buxoro futbol klubi” MCHJda 1990-2013-yillarda turli lavozimlarda ishlagan. 2013-yil futbol klubi bankrot deb topilgan. Klub rahbariyati tomonidan “Buxoro FK” MCHJ oʻrniga “Buxoro PFK” MCHJ tashkil etilib, klub faoliyatini davom ettiravergan.
Barcha klub xodimlari va futbolchilar toʻliq yangi tashkil qilingan klubga ishga oʻtkazilgan. Biroq, klub fuqaro F.Fayziyev oldida ish xaqi va mukofot pullaridan 33.808.533 soʻm, hamda xizmat safari harajatlaridan 30.052.322 soʻm, jami 63.860.855 soʻm qarzdor boʻlib kolgan.
F.Fayziyev “Buxoro professional futbol klubi” MCHJda 2016-2018-yillarda ham litsenziyalashtirish menedjeri lavozimida ishlagan. Ushbu davrda ham 23 oy uchun, har bir oyda 1.881.690 soʻmdan toʻlanishi lozim boʻlgan jami 43.278.870 soʻm oylik maosh pullari toʻlanmagan.
F.Fayziyev bir necha marotaba Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasi huzuridagi maxsus komissiyaga yozma ravishda murojaat etib kelgan. Maxsus komissiya F.Fayziyevning arizasi yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berib kelgan boʻlsada, “Buxoro PFK” MCHJ rahbariyati Fayziyev Fayzillo oldidagi qarzlarni maʼlum muddatgacha choʻzilishini va toʻlanishini maʼlum qilgan holda, kafolat xati berib, biroq amalda toʻlovlarni amalga oshirmagan
Murojaatchi arizasida, ish vaqtidan tashqari ham ishlagani sababli sogʻligʻi ogʻirlashgani, hattoki, ish vaqtida oyoqlari oʻziga buysunmay qolib, ogʻir ahvolda tibbiyot birlashmasiga olib ketilganida shifokorlar “Insult” oʻtkazganligini yozgan.
Barcha hujjatlar oʻrganilgach, Ombudsman hozirda 2-guruh nogironi boʻlgan F.Fayziyev manfaatida toʻlanmagan ish xaqi, xizmat safari xarajatlari va mukofot pullari va unga yetkazilgan maʼnaviy zararni undirish boʻyicha fuqarolik ishlari boʻyicha Buxoro tumanlararo sudiga daʼvo ariza kiritdi.
Sud tomonidan Ombudsman daʼvo arizasi qisman qanoatlantirilib, “Buxoro professional futbol klubi” MCHJdan daʼvogar F.Fayziyev foydasiga ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar uchun jami 91 278 870 soʻm hamda maʼnaviy zarar uchun 10 000 000 soʻm undirilishi boʻyicha qaror chiqardi. Viloyat appelyatsiya sudi ajrimi bilan undiriladigan jami summa miqdori 104 mln soʻmga oshirildi.
Hozirda murojaatchiga 104 mln soʻm mablagʻ undirib berilgan, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) axborot xizmati.