Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazi mansabdorlari ustidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

    “Xoʻja Kalon” masjidi, “Xusayni” va “Nodir Devonbegi” madrasalari hamda “Ark” majmuasi devorlarini restavratsiya va taʼmirlash ishlarida byudjet mablagʻi talon-taroj qilingani aniqlandi.

    Bosh prokuror oʻrinbosari Sh.Toʻxtaboyev boshchiligidagi ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyatida joylashgan madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish borasidagi ishlar oʻrganildi.

    Jumladan, Ishchi guruhi tomonidan Madaniy meros agentligi mutaxassislari bilan birgalikda Buxoro shahridagi bir qator tarixiy yodgorliklar: “Xoʻja Kalon” masjidi, “Xusayni” va “Nodir Devonbegi” madrasalari hamda “Ark” majmuasi devorlarini restavratsiya va taʼmirlash ishlari bilan yaqindan tanishildi.

    Oʻrganishda, ushbu yodgorliklarda bajarilgan ish hujjatlariga soxta yozuvlar kiritish yoʻli bilan restavratsiya va taʼmirlash ishlarida:

    • “Xoʻja Kalon” masjidida 731 mln. soʻm;
    • “Xusayni” madrasasida 216 mln. soʻm;
    • “Nodir Devonbegi” madrasasida 90 mln. soʻm;
    • Buxoro shahri tarixiy markazi hududida joylashgan 74 ta obyektga manzil koʻrsatgich belgilari oʻrnatish uchun ajratilgan 50 mln soʻm byudjet mablagʻi talon-taroj qilingani aniqlandi.

    Bundan tashqari, Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazi mansabdor shaxslari tomonidan 2,3 mlrd soʻm byudjet mablagʻi tovar-moddiy boyliklar sotib olish uchun sarflangani yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, amalda mablagʻlar talon-taroj qilingan.

    Oʻrganish natijasiga koʻra, Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Oʻrganishlar davom etmoqda.