“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurdi va korxona rahbariyati, mutaxassislari bilan uchrashib, Zavoddagi holatni oʻrgandi. Zavodning 2022-yildagi ishlab chiqarish va moliyaviy-iqtisodiy koʻrsatkichlariga oid asosiy masalalar muhokama etildi.

Tashrif davomida “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi bayram kunlarida barcha soha obyektlarining ishonchli ishlashini taʼminlash, ishlab chiqarish jarayonlari holatini doimiy nazorat qilib borish zarurligini taʼkidladi.

“Xavfsizlik masalalariga alohida eʼtibor qaratish, obyektlarni qoʻriqlash choralarini kuchaytirish va xavfsizlik texnikasi mehnatni muhofaza qilish, yongʻin xavfsizligi va harakat xavfsizligi talablariga qatʼiy rioya qilishni taʼminlash kerak. Favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholini neft mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash asosiy vazifadir”, – dedi Boshqaruvi raisi.

Oʻz navbatida, Buxoro NQIZ direktori Akbar Fazilov korxonada rahbarlar navbatchiligi, tezkor otryadlarning kechayu kunduz navbatchiligi, bayram kunlarida uzluksiz ishlash uchun moddiy-texnik resurslar zaxirasi, avtotransport vositalari tashkil etilgani, zarur vositalar yaratilganligi borasida hisobot berdi.

Taʼkidlash kerakki, isteʼmolchilarga neft mahsulotlari yetkazib berish toʻliq hajmda amalga oshirilmoqda, energotizim obyektlari shtat rejimida ishlamoqda.

"Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi zavodning texnologik obyektlarini koʻzdan kechirdi, oʻz navbatida, GTL kerosini qabul qilish, saqlash va aralashtirish uchun sigʻimi 5000 kub metr boʻlgan 2 ta rezervuar qurilish maydonchasida oʻrganish oʻtkazildi hamda qurilish-montaj ishlarining hozirgi holati joyida tahlil qilindi.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodi mutaxassislariga joriy loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish, belgilangan muddatlarda yakunlash boʻyicha zarur koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, Boshqaruv raisi tomonidan bayram munosabati bilan belgilangan dam olish kunlarida zavodning uzluksiz ishlashini taʼminlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yuqoridagi masalalarga doir koʻrsatmalar berildi.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 2020-yilda 843,9 ming tonna avtobenzin ishlab chiqarilib, zavodning 23 yillik tarixidagi eng yuqori koʻrsatkichga erishilgan boʻlsa, 2021-yil yakuni bilan ushbu koʻrsatkichni 874,9 ming tonnaga koʻpaytirishga erishildi va rekord natija yangilandi. Zavod jamoasi 2022-yilda oldingi yillardagidan yaxshiroq natija qayd etish yoʻlida uzluksiz mehnat qilishmoqda. 2022-yil 22-yanvar kuni oʻtkazilgan Respublikaning toifalangan obyektlar oʻrtasida alohida nominatsiyalar boʻyicha navbatdagi tanlov natijalariga koʻra, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi “Xavfsizlik talablariga rioya qilish boʻyicha eng ilgʻor oʻta muhim obyekt” va “Oʻta muhim va toifalangan obyektlardagi eng ilgʻor Fuqaro muhofazasi tuzilmasi" nominatsiyalari boʻyicha gʻolib deb topilgani fikrimiz isbotidir.

Eslatib oʻtamiz, “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan neftni qayta ishlash zavodlariga zamonaviy ilgʻor innovatsion texnologiyalar, yuqori samarali uskunalar, yangi materiallar, shu jumladan yangi katalizatorlar, yirik investitsiya loyihalarini jalb etish orqali neft va gaz sanoatini rivojlantirish boʻyicha maqsadli ishlar olib borilmoqda.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati