Unda boʻshab qolgan oʻringa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosini saylash masalasi koʻrib chiqildi.

Qoʻshma majlisni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyat rahbari Xudoyor Mamatov ochib, yigʻilganlarni “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolarini saylash toʻgʻrisida”gi Nizom bilan tanishtirdi.

Qoʻshma majlisga 15-"Losha” saylov okrugidan saylangan viloyat Kengashi deputati Farmon Aminov raislik qildi.

Majlisda ishchi hayʼati, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzoligiga nomzodlar koʻrsatish boʻyicha maslahat kengashi, majlis kotibiyati, sanoq komissiyasi aʼzolari ochiq ovoz berish yoʻli bilan saylab olindi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan maslahat Kengashi raisi Samoyiddin Husenov soʻzga chiqdi.

U oʻz chiqishida 51-“Xalqobod” saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati, viloyat hokimi Botir Zaripov nomzodi Oliy Majlis Senati aʼzoligiga tavsiya qilinganini aytdi.

Qatnashchilar Senat aʼzoligiga nomzodning tarjimayi holi va mehnat faoliyati bilan tanishtirildi.

Botir Zaripov 1969-yil 20-noyabrda Gʻijduvon tumanida tugʻilgan. 1997-yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan. 1997-1998-yillarda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Buxoro boʻlinmasi Yuridik va jismoniy shaxslarni kreditlashtirish boʻlimi boshligʻi, 1998-yilda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Buxoro boʻlinmasi Qorovulbozor filiali qurilishi boshligʻi, 1998-2005-yillarda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Buxoro boʻlinmasi Qorovulbozor filiali boshqaruvchisi, 2005-2006-yillarda Markaziy bank Buxoro viloyati Bosh boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari - Inkassatsiya boshqarmasi boshligʻi boʻlgan. U 2006-yilda Markaziy bankning Buxoro viloyati Bosh boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari, 2006-2008-yillarda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Buxoro boʻlinmasi boshqaruvchisi, 2008-2012-yillarda Markaziy bank Boshqaruvi raisining oʻrinbosari, 2012-2013-yillarda Markaziy bankining Nobank kredit tashkilotlarini nazorat qilish va tartibga solish departamenti direktori, 2013-2015-yillarda Markaziy bank Kredit tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash va tartibga solish departamenti direktori, 2015-2016-yillarda AT “Agrobank” Boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari, 2016-2019-yillarda “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi lavozimlarida ishlagan. 2019-yil 4-apreldan esa yangidan tashkil etilgan “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Boshqaruvi raisi sifatida faoliyat koʻrsatgan. 2020-yil 7-noyabrdan boshlab Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajarib kelmoqda. Botir Zaripov “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan. Viloyat Kengashi deputati.

59-“Chandir”, 36-”Zandani”, 49-“Gʻovshun”, 24-”Romitan” saylov okruglaridan viloyat kengashining deputatlari Sayitquli Oqqiyev, Sanam Jumayeva, Abdulla Narzullayev, Marhabo Pardayevalar soʻzga chiqib, Oliy Majlis Senati aʼzoligiga tavsiya etilgan Botir Zaripovning nomzodini qoʻllab-quvvatladilar. Ochiqlik, oshkoralik bilan oʻtgan muhokama davomida deputatlar nomzodning faoliyati, hayot tajribasi, ishchanlik, tashabbuskorlik, tashkilotchilik fazilatlari toʻgʻrisida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Shundan soʻng yashirin ovoz berish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosini saylash boʻyicha saylov oʻtkazildi.

Buxoro viloyati, tuman va shahar kengashlari deputatlarining yakdil ovozi bilan Botir Zaripov Oliy Majlis Senati aʼzosi etib saylandi.

Qoʻshma majlisda Botir Zaripov soʻzga chiqib, oʻziga bildirilgan yuksak ishonch uchun deputatlarga minnatdorlik bildirdi.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yangi bosqichga koʻtarilganini, davlatimiz rahbarining Buxoro viloyatiga qilgan tashrifi chogʻida belgilab berilgan muhim vazifalar ijrosini taʼminlashga, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirishga, hududlarni rivojlantirishga senator sifatida ham munosib hissa qoʻshishini aytib oʻtdi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati