Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida maʼlum qilindi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash diniy-maʼrifiy sohada taʼlim, fan va ilmiy-tadqiqot ishlarining barcha jarayonlarini muvofiqlashtirish masalalariga masʼul boʻlgan maslahat organi hisoblanadi.
Kengash quyidagi tashkilotlarning taʼlim va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatini muvofiqlashtiradi:
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi;
- Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi;
- Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi;
- Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi;
- boshqa diniy-maʼrifiy muassasalar.
Shuningdek, Konfessiyalar ishlari boʻyicha kengash faoliyati takomillashtirilib, uning tarkibiga siyosiy arboblar, jamoatchilik faollari, dinshunos olim va mutaxassislar kuzatuvchi sifatida kiritiladi.
Farmonga koʻra, Buxoro viloyatida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi.
Buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik gʻoyalarini ilmiy asosda oʻrganish ushbu markazning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Vazirlar Mahkamasi boʻysunuviga oʻtkazildi.
U islomshunoslik yoʻnalishidagi ilmiy tadqiqotlarni hamda din bilan bogʻliq jarayonlar boʻyicha tahlillarni amalga oshiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilandi.