Buxoro viloyatida harakatdagi gaz quvurlarining muhofaza hududida barpo etilgan 288 ta (turar va noturar) bino-inshoot noqonuniy qurilgani aniqlandi. Bu “Hududgaz Buxoro” gaz ta'minoti filiali tomonidan xizmat ko'rsatish hududida olib borilgan o'rganishlar davomida qayd etilgan.

Xususan, yuqori bosimli harakatdagi gaz quvurlari himoya hududida 22 ta, o'rta bosimli gaz quvurlari himoya hududida 196 ta, past bosimli gaz quvurlari himoya hududida esa 70 ta bino-inshoot noqonuniy qurilgan. Tumanlar kesimida tahlil qilinganda, eng yuqori ko'rsatkich 127 tani tashkil qilib, G'ijduvon tumanida ekanligi ma'lum bo'ldi.

Noqonuniy qurilgan bino-inshoot mas'ullariga tegishli tartibda ogohlantirish xatlari taqdim etilgan.

O'rganishlar hamda ushbu xavfning oldini olish yuzasidan ko'rilgan choralar asosida noqonuniy qurilmani qurgan shaxslar hisobidan ixtiyoriy ravishda 60 ta bino-inshoot ostida qolib ketgan gaz quvurlari xavfsiz masofaga ko'chirildi. 

Ta'kidlash lozim, “Shaharsozlik normalari va qoidalari” talablariga ko'ra er osti va er usti gaz quvurlaridan bino, inshootlargacha bo'lgan minimal masofa quyidagi tartibda belgilangan:

 Past bosimli gaz tarmoqlari uchun – 2 metr;

 O'rta bosimli gaz tarmoqlari uchun – 4 metr;

 Yuqori bosimli II-toifali tarmoqlar uchun – 7 metr;

 Yuqori bosimli I- toifali tarmoqlar uchun – 10 metr.