Loyiha anʼanaviy va zamonaviy madaniyatni targʻib qilish hamda zamonaviy oʻzbek madaniyati namoyondalari ijodi orqali Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini xorijda targʻib etishga qaratilgan.

Loyiha doirasida yil davomida mamlakatimizning barcha hududlarida suratga olish ishlari rejalashtirilgan. Ilk suratga olish ishlari Buxoro hududida amalga oshirildi.

SOVID-19 pandemiyasidan soʻng butun dunyo boʻylab tarixiy joylarda musiqiy videolar suratga olishda oʻsish tendensiyasi kuzatilyapti. Misol tariqasida, Britaniyaning “Coldplay” guruhi Iordaniyaning tarixiy poytaxti manzaralari aks ettirilgan videokonsertni yozib oldi, Andrea Boyelli Milandagi “Duomo”da konsert berdi, bastakor Lyudoviko Eynaudi Shimoliy Muz okeanidagi muzlikda musiqa ijro etdi.

Oʻzbekistonda bu yoʻnalishni, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Toir Asqar va “Safo” guruhi boshlab berdi.

Kliplarni suratga olish ishlari va jonli ijrodagi konserti Dinara&Co media kompaniyasi tomonidan Buxoro viloyati hokimligi hamda Turizm va sport bosh boshqarmasi koʻmagida tashkil etildi. Suratga olish ishlari tajribali rejissyor Isteʼdod Usmonov rahbarligida boʻlib oʻtdi hamda u Oʻzbekiston madaniy merosi obidalaridan Buxoro amirining “Sitorai moxi Xosa” yozgi saroyi, eski shahar va Kogon saroyini tanladi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.