Buxoroda yangi arxeologik yodgorlik topildi

    Jonkeldi qishlog'i hududidan yangi yodgorlik — toshga ishlov berish ustaxonasi topildi va O'zbekiston tarixi neolit davriga oid yangi bir yodgorlik bilan boyitildi.

    Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi, Samarqand arxeologiya instituti va Samarqand Davlat universiteti mutaxassislaridan iborat ekspeditsiya “Aswa Power Dzhangeldy Wind” MCHJ oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq Buxoro viloyati Peshku tumanidagi Jonkeldi qishlogʻi hududlarida dastlabki dala-qidiruv ishlarini olib bordi.

    Jonkeldi qishloq markazidan 10 km shimoliy-sharqda joylashgan nomsiz botiqning (hajmi: 10x3 km) shimoliy bortidan neolit davriga oid tom maʼnodagi toshga ishlov berish ustaxonasi topildi.

    Ustaxona dengiz satxidan 383 m balandlikda, hozirda yemirilib ketgan kremniy konlari ustida joylashgan. Maydoni 70x30 m va ikki tomondan jarliklar bilan kesilgan. Bu yerda kremniyning oq, jigarrang va kulrang tusdagilari uchraydi. Biroq ular orasida oq kremniy koʻpchilikni tashkil qiladi. Yodgorlikda oʻtkazilgan qazish ishlari bu yerda madaniy qatlamning yagonaligini va qalinligi 40 sm gacha yetishini koʻrsatdi. Ushbu chuqurlikdan keyin topilmalar tugaydi va ohaktoshli qoyalar boshlanadi.

    Ustaxonadan 400 dan ziyod ishlov berilgan tosh buyumlar yigʻib olindi. Topilmalar orasida bir qator xom-ashyo deffekti tufayli yoki boshlangʻich bosqichlarda tashlab yuborilgan nukleuslar, uchirindi va plastinalar mavjud. Shuningdek, toʻplamda toshlarni chaqmoqlash bilan bogʻliq texnik yoʻnilgʻilar katta qismni tashkil qiladiki, bu toshlarga birlamchi ishlov berish ishlari shu joyning oʻzida amalga oshirilganidan dalolat beradi. Aftidan, neolit davri aholisi (mil avv. VII-V ming yilliklar) bu yerga sifatli xom-ashyoni qoʻlga kiritish uchun kelishgan. Materiallarning guvohlik berishicha, bu yerda mavjud boʻlgan kremniy qalin oxaktosh qobiqqa va ichki deffektlarga ega. Shuning uchun ham ibtidoiy ustalar kremniyni shu joyning oʻzida keraksiz qobiqlardan va ichki deffektlardan tozalab, yoʻnilgʻilar yoki tayyor (deffektlardan holi) nukleuslar shaklida makonlarga olib ketganlar. Buning uchun shu joyning oʻzida toshlarga birlamchi ishlov berish ishlarini amalga oshirishga toʻgʻri kelgan. Tipologik jihatdan bu “tom maʼnodagi” ustaxona, yaʼni, kremniy konlari yaqinida joylashgan bu joyga neolit davri odamlari xom-ashyo olib ketish uchun kelganlar va toshlarga birlamchi ishlov berish faoliyatini amalga oshirganlar. Yodgorlikka Jonkeldi neolit davri ustaxonasi nomi berildi. Bu yerdan yigʻib olingan arxeologik materiallarning texnik-tipologik va keng qiyosiy tahlillari ustaxonaning mohiyatini kengroq ochib berish imkonini beradi.

    Biroq hozirdanoq aytish mumkinki, Jonkeldi hududidan topilgan yangi yodgorlik – toshga ishlov berish ustaxonasi tufayli Oʻzbekiston tarixi neolit davriga oid yangi bir yodgorlik bilan boyitildi. Jonkeldi hududi ibtidoiy odamlar yashashi uchun qulay paleoekologik sharoitlarga ega boʻlgan. Bu yerda mavjud boʻlgan sifatli kremniy konlariga ehtimol, yaqin atrof yoki qoʻshni hududlardan ibtidoiy ajdodlarimiz kelib, xom-ashyo olib ketganlar.

    Ustaxona topilgan nomsiz botiqni tadqiq qilish jarayonida, uning janubiy-gʻarbiy bortidan oʻrta asrlarga (V-X asrlar) oid tizimli tarzda shimoliy-gʻarb - shimoliy-sharq yoʻnalishidagi bir chiziq boʻlib choʻzilgan 8 ta doira shaklidagi mozorqoʻrgʻonlar guruhi topildi. Qoʻrgʻonlarning ustki qismi turli oʻlchamlardagi (20-50 sm) oxaktoshlar bilan doira shaklida qalangan tosh toʻplamlari kuzatildi. Tosh qalamalarning diametri 5 ta holatda 2 metr radiusni, qolgan 3 tasida yana-da kichikroq diametrga ega. Qoʻrgʻonlar orasidagi masofa 3 m ni tashkil qiladi. Qabrlar deb taxmin qilinayotgan bu qurilmalarning 4-sidan koʻplab sopol parchalari yigʻib olindi. Sopollar ilk oʻrta asrlar sopollari deb taxmin qilinmoqda.

    Shunday qilib, Buxoro viloyati Peshku tumani, Jonkeldi qishlogʻi atrofidagi loyiha boʻyicha belgilab berilgan 30 minggadan ortiq hududlarning arxeologik xaritasidan “oq dogʻ”lar olib tashlandi. Bu hududda neolit va oʻrta asrlar davrlari davomida ajdodlarimiz istiqomat qilganligi aniqlandi.