Ana shunday ishlardan biri sifatida joriy yil 7-avgustda Buxoro viloyatida nemis yoshlari uchun ish boshlagan nemis tili, teatr mahorati, xor, tasviriy sanʼat va axborot texnologiyalarini oʻrgatish toʻgaraklarini oʻzida jamlagan oʻquv markazi binosi foydalanishga topshirilganini aytib oʻtishimiz mumkin.
Markaz binosining foydalanishga topshirilgani viloyatda istiqomat qilayotgan nemis millatiga mansub 1 200 nafardan ortiq fuqarolarga oʻzgacha ruh va baxtiyorlik baxsh etdi. Oʻz navbatida, markazning ish boshlashi nemis millatining yurtimizda tili, sanʼati va madaniyati barhayot boʻlishiga zamin yaratdi.
Bu borada Senat aʼzosi Abira Xuseynova ushbu millat diasporasi vakillarini yangi oʻquv markazi binosi ochilishi bilan qutlab, ushbu binoda taʼlim olgan yoshlarimizning ikki buyuk xalq aloqalarini yana-da rivojlanishida oʻz hissalarini qoʻshishlariga umid bildirdi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.