Bu haqda Oliy Majlisning inson huquqlari boʻyicha vakili matbuot xizmati xabar bermoqda.
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksining 76-moddasiga koʻra, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga qisqa muddatli va uzoq muddatli uchrashuv huquqi berilgan.
Amaldagi tartibga koʻra, jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlar yil davomida yaqin qarindoshlari bilan 6-marta qisqa va 6-marta uzoq muddatli uchrashuvlardan foydalanishlari mumkin.
Baʼzi mahkumlar jazo muddatlarini xoʻjalik ishlariga jalb qilingan holda tergov hibsxonalarida oʻtashadi. Lekin, barcha tergov hibsxonalarida ham uzoq muddatli uchrashuvlar uchun zarur sharoitlar yaratilmagan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakilining Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili A.Xuseynova tomonidan Buxoro shahrida joylashgan 4-son tergov hibsxonasiga oʻtkazilgan monitoring tashrifida aynan shu holat aniqlangan. Shundan soʻng, mahkumlar uchun uzoq muddatli uchrashuv xonalarini tashkil etish boʻyicha Ombudsman tavsiyalari tayyorlanib, tegishli idoralarga kiritilgan edi.
Kuni kecha Buxorodagi 4-son tergov hibsxonasida Ombudsman tavsiyasiga koʻra, uzoq muddatli uchrashuv uchun qurilgan yangi binoning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.