Viloyat hokimligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, keyingi yillarda Xitoyda ishlab chiqarilgan jami 116 ta avtobus va 45 ta mikroavtobus xarid qilingan. Yangi avtobuslar “Yevro-5” standartiga javob beradi, tabiiy siqilgan gazda harakatlanadi va past polli hisoblanadi.

Avtobuslar nogironligi boʻlgan shaxslar uchun panduslar, elektron toʻlov (“ATTO”), kuzatuv kameralari hamda isitish va sovutish tizimlari bilan jihozlangan.

Yangi transport vositalari 13- va 15-sonli yoʻnalishlarda brutto-shartnoma asosida qatnovlarni amalga oshiradi.

Qayd etilishicha, mart oyi yakuniga qadar Buxoroga yana 60 ta avtobus olib kelinadi. Yil oxirigacha esa yangi jamoat transportlari soni 100 tadan oshirilishi rejalashtirilgan.