“Buyuk allomalar” muzeyiga sayohat

    Madaniyat 12 Avgust 2021 3359

    Qoʻqon shahar Davlat xizmatlari markazi xodimlari Qoʻqon shahridagi davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan tashkil etilgan “Buyuk allomalar muzeyi”da maʼnaviy-maʼrifiy bilimlarini oshirdilar.

    Ular muzeyga sayohat davomida mamlakatimizda yashab ijod qilgan buyuk allomalarimiz, keng jamoatchilikka tanish boʻlmagan olimlar va yozuvchilar, davlat arboblari hayoti va bosib oʻtgan yoʻli bilan tanishib chiqdilar.

    Buyuk allomalar muzeyi haqida “ikki ogʻiz” soʻz

    Prezidentimiz 2017-yil 22-iyun kuni Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida Qoʻqon shahridagi “Buyuk allomalar muzeyi”da ham boʻlgan va uni taʼmirlashga doir koʻrsatmalar bergan edi. Shundan soʻng muzeyda keng koʻlamli taʼmir ishlari olib borildi. Maʼnan eskirgan ashyolar yigʻishtirilib, muzey zamon talablariga javob beradigan holga keltirildi. Muzey zallari kengaytirilib, zarur texnik vositalar bilan jihozlandi. Bino atrofi obodonlashtirilib, tom qismi yangidan yopildi.

    Muzeyda nimalarga guvoh boʻlish mumkin?

    Muzey ekspozitsiyasi 5 boʻlimdan iborat. Birinchi boʻlim Ilk oʻrta asrlarda Markaziy Osiyoda ilm-fan va madaniyat, deb nomlanadi.Unda Muso Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Fargʻoniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshgʻariy, Ahmad Yassaviy, Mahmud Zamaxshariy, Burhoniddin Margʻinoniy kabi buyuk allomalar hayoti, ilmiy-ijodiy faoliyatiga oid maʼlumotlar, ular yaratgan noyob qoʻlyozmalar nusxalari oʻrin olgan.

    Muzeyning ikkinchi boʻlimida Temuriylar davrida yaratilgan ilm-fan va madaniyatga doir osori-atiqalar, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Saʼdiddin Taftazoniy, Gʻiyosiddin Jamshid, Ali Qushchi, Mirxond kabi allomalarga oid tarixiy asarlar namoyishga qoʻyilgan. Shuningdek, muzey ekspozitsiyalaridan XVIII-XIX asrlarda Fargʻona vodiysidan yetishib chiqqan, Mashrab, Huvaydo, Sadoyi, Nizomiy Xoʻqandiy, Azimiy, Uvaysiy, Amiriy, Nodira, Hakimxon Toʻra, Gulxaniy, Fazliy, Muhyi, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Mahmud Hakim Yayfoniy, Haziniy kabi ulugʻ siymolar hayoti va ijodi haqida maʼlumot olish mumkin.

    Yana bir boʻlimda esa Turkistonda jadidchilik harakati va uning mashhur namoyandalari Behbudiy, Fitrat, Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Ashurali Zohiriy, Ibrohim Davron, Ibrat hayoti va faoliyati keng yoritilgan. Qoʻqon xattotlik sanʼati, milliy hunarmandchilik hamda ziyoratgohlarga doir maʼlumotlar va eksponatlar ham qoʻyilgan.
    Muzeyning beshinchi boʻlimida XX asrda Fargʻona vodiysidan yetishib chiqqan ulugʻ olimlar, akademiklar – Qori Niyoziy, Tesha Zohidov,Rahima Aminova, Poʻlat Qayumov, Boqiy, Aziz va Laziz Qayumovlar va boshqalarning hayoti va ilmiy ijodiy faoliyatini aks ettiruvchi materiallar va eksponatlar oʻrin olgan, deb xabar beradi DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.

    Muzey qoshida “Allomalar vorislari” nomli oʻquv-axborot markazi tashkil etilgan. Ushbu markaz ilmga va ijodiy faoliyatga qiziquvchi yoshlar uchun mahorat maktabi vazifasini oʻtayapti.

    Davlat xizmatchilari bilan muloqot davomida mamlakatimizda milliy qadriyatlarni eʼzozlash va targʻib etish, buyuk allomalar merosini oʻrganishga katta eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi. Baxshichilik va maqom sanʼati boʻyicha xalqaro festivallar oʻtkazilgani bu borada ulkan ahamiyatga ega ekanligi aytildi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy markazlari, Mirzo Ulugʻbek va Muhammad Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, adiblar nomlari bilan atalgan ijod maktablari tashkil etilgani bu kabi eʼtiborning yaqqol namunasidir.