Uchrashuv chogʻida investitsiyalar, savdo va sanoat yoʻnalishidagi Oʻzbekiston-Britaniya hamkorligining hozirgi holati va uni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama etildi.
Tomonlar oʻzaro savdo rivojidagi ijobiy tendensiyalarni mamnuniyat bilan qayd etdilar. Jumladan, 2021-yilda ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 65 foizga, Oʻzbekistondan Buyuk Britaniyaga eksport hajmi esa 2,5 baravar oshdi. Bunga mamlakatimiz Birlashgan Qirollikning Preferensiyalar Bosh tizimining kengaytirilgan sxemasining (“GSP Enhanced Framework”) benefitsiari maqomini olishi katta yordam berdi. Ikki tomonlama savdoning ijobiy dinamikasi 2022-yilda ham davom etyapti. Yanvar-aprel oylarida tovar aylanmasi koʻrsatkichi oʻtgan yildagisiga nisbatan 68 foizga, Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyaga eksporti esa 2,6 baravar oshdi.
Oʻzbekistonda eksportga yoʻnaltirilgan qoʻshma ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish uchun britaniyalik investorlarni jalb etish, shuningdek, oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar uchun “GSP Enhanced Framework” tizimining imtiyozlaridan samarali foydalanish boʻyicha treninglar va amaliy seminarlar tashkil etishga kelishib olindi.
Shuningdek, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Soʻnggi bir necha yil ichida Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan Britaniya korxonalari soni 40 foizga oshgani alohida taʼkidlandi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, chorvachilik, biofarmatsevtika, toʻqimachilik sanoati, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va “yashil” energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun Britaniyaning yangi kompaniyalarini jalb etish doirasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Shu nuqtayi nazardan, tomonlar joriy yil oktyabr oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Savdo va sanoat boʻyicha 26-Oʻzbekiston-Britaniya Kengashiga (UBTIC) tayyorgarlik koʻrish boʻyicha ishlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Tadbir ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, iqtisodiy sheriklikning yangi “oʻsish nuqtalarini” belgilash hamda Oʻzbekiston iqtisodiyotining istiqbolli tarmoqlariga Britaniya investitsiyalari va texnologiyalarini jalb etish imkonini beradi.
Uchrashuv yakunida oʻzaro munosabatlarning koʻrib chiqilgan har bir yoʻnalishi doirasida kelgusida hamkorlik qilish yoʻllari belgilandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.