Buyuk ipak yoʻli manzillarining asosiy qismi aynan bizning zamindan oʻtgani ham yurtimizda xalqaro savdo-sotiq va madaniy aloqalar rivoj topishiga xizmat qilgan. Eramizdan avvalgi ming yilliklardayoq iqtisodiy aloqalar, shu jumladan, savdo-sotiq rivojlanib boshlashi natijasida boj olish, xavfsizlikni taʼminlash anʼanalari shakllanib, asta-sekin davlatning muhim muassasalaridan biri sifatida bojxona xizmati paydo boʻlgan.
Bugungi kunda oʻzbek tilida “boj”, “bojxona”, “boj undirish”, “boj-xiroj” kabi atama va iboralar keng qoʻllab kelinadi. Aslida kelib chiqishi qadimgi soʻgʻd tilidagi “baj” boʻlgan ushbu soʻz milodiy VIII asr boshlariga taalluqli Mugʻ togʻi soʻgʻdiy hujjatlarida uchraydi.
Bojxonada qadimdan olib oʻtilayotgan buyumlarga maxsus muhr – tamgʻa bosilgani uchun ham boj xizmatida boʻlgan davlat xodimlari, yaʼni bojgirlar “tamgʻachi” deb atalgan.
Soʻgʻd tilidagi bojgir – “boj oluvchi” degan maʼnoni bildirib, xorijdan kelayotgan karvon va savdogarlardan davlat ixtiyoriga soliq oluvchi xizmatchiga nisbatan qoʻllangan. Qadimgi turkiy tamgʻachi – soʻzi esa chetdan kirib kelayotgan mol-ashyolardan soliq, yaʼni boj olinganini ifodalovchi maxsus belgi, yaʼni tamgʻa bosuvchini bildirgan.
Maʼlumki, XIV asr ikkinchi yarmidan, aniqrogʻi, 1360-yillarda siyosiy maydonga chiqqan Amir Temur mamlakatni moʻgʻullar istilosidan ozod qilib, buyuk saltanatga asos soldi. 1370-yilda taxtga chiqib, mustaqil davlatchilikni tiklagan Amir Temur mamlakatni obod qilib, uning har tomonlama rivojlanishi uchun juda katta va muhim tadbirlarni amalga oshirdi.
Bu davrda hozirgi Oʻzbekiston hududidan janubiy va gʻarbiy yoʻnalishlarda Hindiston, Eron, soʻngra undan gʻarbdagi mamlakatlarga yoʻl olgan elchilik va savdo karvonlari uchun Amudaryo boʻyida Termiz va Hisor tizmasida Temir darvoza asosiy bojxona boʻlgan. Rui Gonsales de Klavixo oʻz kundaligida taʼriflagan bojxona – Temir darvoza orqali nafaqat Termiz yoʻnalishi, balki Amudaryoning yuqori kechuvlaridan (masalan Solisaroy) oʻtib, Samarqand tomon yoʻl olgan karvonlar uchun ham moʻljallangan.
Asrlar davomida hukm surib kelgan savdo aloqalari Qoʻqon va Xiva xonliklari va Buxoro amirligi davrida ham davom etgan. Xususan, Buxoro amirligi mintaqadagi ichki va tashqi savdo munosabatlarida juda muhim ahamiyatga ega edi. Xonlikda, ayniqsa, Qarshi bekligi hududida savdogarlardan olinadigan boj soligʻi davlat xazinasiga katta daromad keltirgan. Xiva xonligi hududida ham bojxonalar koʻp boʻlgan. Shahar aholisining ayrim vakillari savdo karvonlaridan boj undirish faoliyati bilan shugʻullangan.
XIX asrda oʻzbek xonliklari hududiga kirib chiqqan barcha kattayu-kichik rus karvonlarining hisobi aniq boʻlgan. Rossiyadan karvon kelayotganidan xabar topgan xivaliklar ular istiqboliga zakotchini (bojxonachini) joʻnatgan. Bosh zakotchi oʻz xodimidan karvon Oyboʻgʻir koʻlidan oʻtib, uch yoʻnalishdan qaysi biri orqali kelayotgani haqida axborot olgandan soʻng Toshhovuz, Qoʻngʻirot yoki Urganchga borgan.
Qoʻqon xonligi mintaqadagi savdo aloqalarida oʻziga xos oʻrin tutgan. Bojxona xizmatchilari chet mamlakatdan kirib kelayotgan karvonni chegarada toʻxtatib, yuklarini roʻyxatdan oʻtkazgan. Davlat amaldori – zakotchi karvondagi savdogarning shaxsi, mamlakati, tuyalar (yoki ot-aravalar) soni, yuk miqdori, turi va boshqalarni roʻyxatga olib, yoʻldagi dastlabki shahar hokimi nomiga xabarnoma yuborgan.
Chegara bojxonasidan oʻtgan karvon oʻz yoʻlida duch kelgan dastlabki shahar darvozasi oldida toʻxtagan va shahar zakotchisiga xabar yuborgan. Zakotchi yordamchilari bilan kelib, karvonni tekshiruv maydoniga olib kelgan va bojxona yuborgan roʻyxatda koʻrsatilgan maʼlumotlar toʻgʻriligini tekshirgan.
XIX asrning ikkinchi yarmida Rossiya imperiyasi Oʻrta Osiyo bilan savdo aloqalarini olib borishda oʻzining iqtisodiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda proteksionizm siyosatini olib bordi. Yaʼni, ichki bozorga tashqaridan keladigan, oʻz ehtiyoji uchun zarur xorijiy mahsulotlarni bojdan ozod qilib, oʻzining sanoat mahsulotlariga raqobat qiladigan tovarlar kiritilishini cheklash yoʻlidan bordi.
1882-yilda mintaqada boj nazoratini olib borish uchun Amudaryo boʻlimida 3 ta, Zarafshon okrugida 5 ta va Sirdaryo viloyatida 19 ta bojxona punkti tashkil etiladi. Buxoro va Xiva xonliklari Chor Rossiyasi yagona bojxona hududiga kiritilgach, ularning chegaralarida rus bojxona postlari tashkil etildi. Bu bojxona postlarida xonliklarga chetdan olib kelinadigan tovarlar rus bojxona postlari koʻruvidan oʻtkaziladigan boʻldi.
1918-yil 29-mayda sobiq Sovet hokimiyatining “Bojxona toʻlovlari va muassasalari” haqida farmoyishi chiqadi. Unga koʻra, boj toʻlovlari davlat xazinasiga kelib tushgan. Bojxona muassasalari markaziy hokimiyat organlari hisoblanib, bevosita Moliya komissarligining boj toʻlovlari departamenti tomonidan boshqarilgan.
Istiqloldan boshlangan islohotlar sahifasi
Mustaqillikning dastlabki yillarida mintaqadagi murakkab vaziyatdan kelib chiqilsa, Oʻzbekistonda iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashning muhim sharti sifatida davlat bojxona xizmati organlarining toʻla yangidan vujudga kelishi aslida tarixiy zarurat edi.
Shu sababli dastlab ichki isteʼmol bozorini himoya qilish, respublika tashqarisiga tovar-moddiy boyliklarni gʻayriqonuniy va asossiz ravishda olib ketishga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Tovar-moddiy boyliklarni olib ketishni nazorat qiluvchi davlat inspeksiyasi tashkil qilindi.
1991-yil 25-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona komitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmoni bilan mustaqil Oʻzbekiston Respublikasining ilk davlat bojxona tuzilmasi – Bojxona qoʻmitasi tashkil qilindi.
1994-yil 18-yanvarda Davlat bojxona qoʻmitasi Bosh bojxona boshqarmasiga aylantirilib, Davlat soliq qoʻmitasi tarkibiga kiritildi. Yagona bojxona siyosatini yuritish, bojxona organlari tezkorligi hamda faoliyati samaradorligini oshirish, mamlakat iqtisodiy xavfsizligini mustahkamlashda bojxonachilarning rolini kuchaytirish, shuningdek, bojxona ishi sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida 1997-yil 8-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi qayta tashkil qilindi va unga huquqni muhofaza qiluvchi organ maqomi berildi.
2018-yilga kelib Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 26-yanvar – mamlakatimizda davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni etib belgilandi. Alohida sananing kasb bayrami sifatida belgilanishi bojxona organlari xodimlarida kasbiga nisbatan faxr-iftixor, burchiga sadoqat tuygʻularini mustahkamlash uchun zoʻr motivatsiya berdi.
Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni shunchaki sana emas, balki davlat va jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojida bojxona organlari ishtirokini jamoatchilikka yaqindan tanishtirishga xizmat qiladi.
Taʼkidlash joizki, keyingi yillarda Oʻzbekiston bojxona xizmati tubdan isloh qilindi. Tizimga zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etildi, bojxona xizmati xodimlarining maʼnaviy va kasbiy qiyofasi ham tubdan oʻzgardi. Mana shu jarayonda, bugungi bojxona xizmati tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash va ularga turli imtiyozlarni tatbiq etuvchi tuzilmaga aylangani ham bor gap.
Oʻzbekiston bojxona tuzilmasining bugungi yorqin qiyofasi, avvalo, kadrlar siyosati bilan bogʻliq. Gap shu haqda ketganida esa, Oliy harbiy bojxona instituti faoliyatini ham esga olish joiz boʻladi.
Dastlabki yillarda institutda “Bojxona ishi” va “Bojxona huquqi” yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassis kadrlar tayyorlash, bojxona organlarida xizmat qilayotgan xodimlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Hozirda institutda “Bojxona ishi” va “Qayta tayyorlash va malaka oshirish” fakultetlari, ularning tarkibida oʻndan ziyod kafedra hamda mustaqil boʻlim va boʻlinmalar faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
Institutda bojxona ishi sohasidagi xalqaro standartlarni hisobga olgan holda kursantlarda tahliliy fikrlash, yangi bilimlarni mustaqil egallash, ularni amaliyotda qoʻllash koʻnikmasini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan yangicha oʻqitish tizimini shakllantirish maqsadida ikki bosqichli “Bojxona ishi” va “Yurisprudensiya (iqtisodiy xavfsizlikni huquqiy taʼminlash)” mutaxassisliklari boʻyicha taʼlim muddati toʻrt yil boʻlgan bakalavrlar, “Bojxona ishi (faoliyat turlari boʻyicha)” va “Soliq va bojxona huquqi” mutaxassisliklari boʻyicha magistrlar tayyorlanmoqda.
Shuningdek, bojxona organlari rahbar kadrlarini tayyorlash uchun oʻqish muddati 3 oydan iborat boʻlgan “Bojxona menejmenti” oliy kurslari hamda “Oʻzbekiston bojxona axborotnomasi” ilmiy jurnali taʼsis etildi.
Prezidentimizning 2021-yil 10-sentyabrdagi “Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va Davlat bojxona xizmati organlari tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” farmoni bilan Bojxona institutida oliy taʼlimdan keyingi taʼlim — doktorantura tashkil etildi.
Xulosa oʻrnida aytish joizki, yangi Oʻzbekistonning yangi bojxona tizimida olib borilayotgan islohotlar tom maʼnoda ijobiy samara bermoqda. Xususan, xorijiy mamlakatlarning bojxona xizmatlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarni rivojlantirish borasida manafatdor kelushuvlarga erishilmoqda. Bu esa, bojxona xizmati organlari faoliyatini xalqaro standartlarga muvofiq yangi bosqichga oʻtishi hamda jamiyat hayotining muhim sohalarini tubdan isloh qilish boʻyicha tanlangan yoʻlda sodiq ekanidan dalolat beradi.
Sirojiddin SHIRMATOV,
bojxona xizmati mayori,
pedagogika fanlari boʻyicha
falsafa doktori (PhD).