O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmada buyuk allomalarimizning mo‘yqalam ustalari tomonidan chizilgan yangi portretlari namoyish etilmoqda. Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Al Xorazmiy, Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Lays Samarqandiy, Najmiddin Kubro, Amir Temur, Abdurahmon Jomiy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Bahouddin Naqshband, Husayn Boyqaro,  Shayboniyxon, Zahiriddin Muhammad Bobur, Amiriy, Ogahiy, Nodirabegim kabi siymolarimiz portretlari shular jumlasidan.

“Buyuk mutafakkirlarimiz siymolari” mavzusidagi mazkur ko‘rgazmada tasviriy san’at ustalari mo‘yqalami bilan chizilgan qirqdan ortiq diniy allomalar hamda aniq va tabiiy fanlarni rivojlantirishga benazir hissa qo‘shgan olimlarning portretlari ko‘rgazmasi ochildi. Soha olimlari, san’at arboblari, diniy ulamolar, OAVlari xodimlari va keng jamoatchilik ishtirok etgan ochilish marosimi juda qiziqarli o‘tdi. Xalqimizga ilk marta taqdim etilayotgan rangtasvir asarlarining tarixiy haqiqatga nechog‘lik yaqinligi, ularning badiiy jihatlari, ayrim bahsli o‘rinlari haqida foydali fikr-mulohazalar bildirildi.

Ta’kidlash joizki, o‘tmishda yashagan alloma ajdodlarimiz, ular diniy yoki dunyoviy ilmlarga mansub bo‘lganidan qat’i nazar, o‘ta murakkab ishdir. Buning asosiy sababi, shubhasiz, ko‘pchilik alloma ajdodlarimizning tasviriy qiyofasi yoki surati bizgacha yetib kelmaganida. Ana shunday sharoitda tarixchilar, islomshunoslar va tasviriy san’at vakillari hamkorligi alohida ahamiyat kasb etadi. O‘rta asrlarda yaratilib, bizgacha yetib kelgan miniatyuralar, turli tarixiy asarlardagi tegishli shaxslarning chehrasi, yuz tuzilishi, bo‘y-basti, alohida belgilari haqidagi tavsiflar mazkur bo‘shliqni ma’lum darajada to‘ldiradi. Tadqiqotchi-olimlar tomonidan aniqlashtirilib, rassomlarga havola etilgan bunday ma’lumotlar ko‘rgazmaga qo‘yilgan katta ilmiy-tarixiy ahamiyatga ega tasviriy san’at asarlarining manbaviy asosini tashkil etadi.

Masalaning muhim jihati shundaki, namunaviy siymolari namoyish qilinayotgan olimlarning deyarli barchasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi binosi foyesi uchun yaratilayotgan ulkan hajmli mahobatli rangtasvir asarlari va Markaz tarkibida shakllantirilayotgan muzey eksponatlarida o‘z aksini topadi. Bu ularning imkon qadar haqiqatga yaqin va eng baland badiiy talablar darajasida bo‘lishini taqozo etadi. Binobarin, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston badiiy akademiyasi ham ilmiy, ham keng jamoatchilikning ushbu asarlar bo‘yicha fikrini o‘rganish va tahlil qilish asosida ularni yanada takomillashtirishni rejalashtirgan.

Ko‘rgazmada  mutaxassis olimlar tomonidan rassomlarga tarixiy shaxslar siymosini yaratishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida qo‘shimcha  tavsiyalar berib o‘tildi. Bildirilgan taklif va tavsiyalardan kelib chiqib kelgusida  allomalarimiz  siymosi aks etgan yanada mukammal portretlar  yaratilishiga kelishib olindi.

 Shuhrat HAYITOV

“O‘zbekiston tarixi” telekanali direktori,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori