Buzilgan qalb xoindir!

    Har bir mazmunli asar – bir murabbiy! Uning ichiga kiring, u sizga albatta hayotning qizg'in va ibratli bir bo'lagini taqdim etadi.

    Yashil jildli kitoblarni yaxshi koʻraman. Chunki ilk oʻqiganim va dunyoda kitobday bir aziz doʻst borligini his etganim – kitobim yashil jildli edi. Uning qoʻlimga qayerdan tushib qolganini eslay olmayman. Kitobning ichidagi ayrim betlari nam tortganidan uniqib qolgan, baʼzi soʻzlarning tagiga qizil chiziq tortib qoʻyilgandi. Eng asosiysi, uni varaqlaganimda qanaqadir yoqimli bir hid taralardi. Oradan yillar oʻtib, bu kitobning juda muhtasham nusxalarini sotib olgan boʻlsam-da, lekin birortasi oʻsha “yashil jild”dek toʻlqinlantirolmadi. Chunki ularda oʻsha qadrdon ifor yoʻq edi.

    Bu kitobni oʻqiganimda toʻrtinchi yo beshinchi sinfda edim. Mutolaa tinchimni buzgandi. Esimni taniganimdan beri bilgan dala-dashtlarim koʻzimga boshqacha koʻrina boshladi. Baland qirlarga chiqib, bu Bobotov, deyman. Poyimda yastanib yotgan sayhonliklarni Chilbirchoʻlga oʻxshataman. Olisdan mollarini podaga qoʻshish uchun haydab kelayotgan qoʻshni qiz koʻzimga Barchinoy boʻlib koʻrinadi. Qulogʻimga damba-dam otlar dupuri keladi. Xullas, har koʻrganim bir maʼno kasb eta boshladi. Shundoqqina yon-atrofimda hayratlanishga arzirli juda koʻp narsalar borligini his etayotgandim. “Yashil jild”li kitobim meni hayratlar izidan ergashtirib borayotgandi.

    Oradan yillar oʻtdi. “Yashil jild”li kitob bergan hayratlar ham ulgʻaya bordi. Hayratlar ulgʻaysa, inson ulgʻayadi! Zero, hayrat insonni narsa-hodisalar maʼnosini anglashga undaydi.

    Shu tariqa kitoblar javoniga yetib bordim va koʻrdimki, inson uchun buyuk murabbiy shu yerda ekan. Har bir mazmunli asar – bir murabbiy! Uning ichiga kiring, u sizga albatta hayotning qizgʻin va ibratli bir boʻlagini taqdim etadi. Asar voqealari ichiga shoʻngʻiysiz, qahramonlari bilan yashab koʻrasiz. Ularning goh dardiga, goh shodligiga sherik boʻlasiz. Bu javon sizga yuzlab insonlarning qismatidan hikoyalar aytadi.

    Mutolaaga muhabbat avvalo oilada uygʻonadi. Zero, bolangizning kitobga ishtiyoqi sizning ertaklaringizdan boshlanadi. Bola siz aytayotgan “Bir bor ekan, bir yoʻq ekan...”ning “yoʻq ekan” degan joyini qabul qilmaydi. Uning uchun hamma narsa “bor ekan” boʻladi. Shu sof ishonchdan unumli foydalana olsangiz, uni suisteʼmol qilmasangiz, bola siz soʻzlagan ertakdagi zahmatkash cholu kampirni tushlarida koʻradi. Xayolan oʻrmondan oʻtin yelkalab kelayotgan chol bilan gaplashadi. Unga rahmi kelib, yordam berishni istaydi. Yalmogʻiz kampirning shumliklaridan xafa boʻladi. Mana shu kechinmalar uning mitti qalbini muolaja qilib, koʻnglini yaxshiliklarga moyil etadi. Ishoning, u bir kuni sizga shunday savol beradi:

    – Nega hayotimiz ertaklarga oʻxshamaydi?

    Bu savol qarshisida quvonchdan koʻzingizda yosh miltiraydi. Chunki bolangiz muddatidan oldin “chegara”ga yetib kelibdi. Xayol bilan hayot orasidagi chegaraga! U erta ulgʻayibdi, erta anglabdi! Endi siz bolani javonning uning boʻyi yetadigan tokchalariga taklif etasiz.

    Kitob javonlarining tokchalari – komillik pillapoyalariga oʻxshaydi. Yoshlikda oʻqilgan kitoblardan olingan taassurotlar daraxt tanasidagi yozuvlar kabi inson xotirasiga muhrlanadi. Inson ulgʻaygani sayin oʻsha asarlarning mohiyatini yaxshiroq idrok eta boradi. Tasavvurlariga oydinlik inadi. Hayot haqiqatlariga tayyor turishni oʻrganadi.

    Bugun dunyo beqarorlashdi. Uning rangi roʻyi har soniyada oʻzgarib borayotir. Bunday vaziyatda inson qalbini, tuygʻularini asrab qolishda kitob javonlarining oʻrni juda katta. Bir mashhur aytadi: “Men oʻzimdagi barcha yaxshi xislatlar uchun kitoblardan minnatdorman”.

    Afsuski, soʻnggi oʻn yilliklarda kitob mutolaasidan uzoqlashib qoldik. Uzoqlashuv jarayoni faqat bizda kechmadi, dunyo miqyosida fan-texnika va telekommunikatsiya infratuzilmasining rivojlanishi, odamlar qalbidan kitobga boʻlgan muhabbatni siqib chiqardi. Endilikda insoniy hissiyotlar qalb orqali emas, sovuq smartfonlar orqali kechayotgandek, texnikaga qaramlik oʻzimizni ham hissiz bir matohga, temirga aylantirib qoʻyayotgandek... Bugun tabiatan nochor va ojiz bir oʻspirinni qiynab, uning azoblanishini maroq bilan videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatayotgan bolalar ana shu qaramlikning mahsulidir. Insoniy hissiyotlardan mosuvo boʻlib ulgʻayayotgan bu oʻspirinlar bizning eng alamli magʻlubiyatlarimizdir.

    Tarixdan yaxshi bilasiz, 1945-yilda yaponlarning boshiga shunday bir balo tashlandiki, bashariyat Odam Ato zamonidan beri bunday fojeani koʻrmagan edi. Bir paytning oʻzida 200 mingdan ortiq odam oʻldi va mamlakat hayotida bitmas-tuganmas asorati qoldi. Lekin yapon millati shu bilan yoʻqolib ketmadi. Bu millat irodasi har qanday Atom bombasidan kuchli ekanligini koʻrsatdi. Bor-yoʻgʻi 30 yil nari-berisida “yapon moʻjizasi” degan atama paydo boʻldi. “Yapon moʻjizasi”ning mohiyati nima edi? Yaponiya va yapon xalqi koʻrsatgan moʻjiza – mamlakatda taʼlim tizimining toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishi boʻldi. Yapon bolalari oʻqish-oʻrganishni 6 oylikdan boshlaydi. Chunki millat kelajagi shu bolalarga bogʻliq. Bundan muhimroq masala boʻlishi mumkin emas.

    Bizning qadim vatanimiz ham uzoq asrlar avval ilm-fan va maʼnaviyat oʻchogʻi sanalgan. Koʻplab diniy va dunyoviy bilimlar paydo boʻlishi va rivojlanishi bilan bir qatorda adabiyot va kutubxonachilik ham taraqqiy etgan. Dono bobolarimiz kitobning qadrini juda yaxshi anglaganlar. Hali gʻarb olami maʼnaviyat nima ekanidan bebahra boʻlgan bir paytda sharqda maʼnaviyat beshiklari paydo boʻlgan. Bu ulugʻvor tushunchaning shakllanishi va insonlar ongiga kirib borishi uchun tamal asoslar yaratilgan. Ammo bularning hammasi qadimda boʻlgan. Bizning bolalarimiz esa suronli bir davrda yashayapti. Shov-shuvlarga oʻch, behuda bahslarga mubtalo, vaqtni oʻldiruvchi oʻyinlarga toʻla bir zamonda... Bunday vaziyatda bolalarimiz ongini va qalbini asrab qolishimiz buyuk jasoratdir. Asrab qolishning yagona va sinalgan yoʻli esa maʼrifatdir. Maʼrifatsiz, kitobsiz, mutolasiz insoniy hayotga erishib boʻlmaydi.

    Darhaqiqat, odamiyat shu vaqtgacha kitobdan-da yaxshiroq doʻst, dildosh va darddosh topolmadi. Nazarimda insoniyatning kashf etganlari orasida eng qiymatlisi ham shu kitobdir! Lekin bugungidek talotoʻp bir zamonda, bu haqiqatni har kimning ham oldiga qoʻyolmaysiz. Hazrat Zamaxshariy aytmoqchi: “Tumov kishi gulning hidini sezmaganidek, ahmoq kishi hikmat lazzatini bilmaydi”.

    Ming vahki, bugun koʻpchiligimiz “tumov”ga giriftormiz. Gul bilan tikonni farqlayolmay qolayotgan yoshlarimizning eng katta muammosi ham shu – “hid” bilmasligidir. Vaholanki, kundan-kun tahlikalari kuchayib borayotgan XXI asr koʻchasiga bunaqa “yupun” holatda chiqib boʻlmaydi. Aks holda oʻzingizni ham, qalbingizni ham boy berib qoʻyasiz. Zero, buzilgan qalb xoindir!

    Alisher NAZAR