Bunda esa, bojxona to'lovlari stavkalari ikki baravar pasaytirilib, to'lov va soliqlar yukining kamaytirilganligi, barcha vazirlik va idoralar hamda Markaziy bank tomonidan makroiqtisodiy ko'rsatkichlar, davlat byudjeti ijrosi, pul muomalasi va oltin-valyuta zahiralari holati to'g'risidagi statistik va tahliliy ma'lumotlarning doimiy ravishda ochiq chop etib borilishi muhim qadam sanaladi.
YAna bir muhim jihat ushbu o'zgarishlar jarayoni va ijrosi har chorakda parlamentning har ikki palatalari tomonidan nazorat qilib borilmoqda. Xususan, O'zbekiston Respublikasi byudjet kodeksiga asosan Hukumat tomonidan har chorak yakuni bo'yicha Oliy Majlis palatalariga Davlat byudjetning ijro holati ko'rib chiqish uchun kiritib borilmoqda.
Jumladan, amaldagi byudjet kodeksining 169-moddasiga binoan ushbu haftada Oliy Majlis qonunchilik palatasidagi partiyalar fraktsiyalari tomonidan 2022 yilgi Davlat byudjetining 1-chorakdagi ichro holati ko'rib chiqildi.
Hukumat tomonidan kiritilgan ma'lumotlar tahlilidan shuni ko'rish mumkinki, mintaqa va jahonda ro'y berayotgan iqtisodiy-ijtimoiy hamda geosiyosiy vaziyatlarga qaramasdan 2022 yil yanvar`-mart oylarida O'zbekiston iqtisodiyoti 5,8 foizga o'sgan. Ushbu ko'rsatkichlar ayrim O'zbekistonning asosiy iqtisodiy hamkor davlatlarining iqtisodiyotdagi o'sish sur'atlariga nisbatan yaxshi holatda ekanligi kuzatilmoqda. Xususan, 2022 yil yanvar`-mart oylarida o'tgan yilning shu davriga nisbatan Xitoy iqtisodiyoti 4,8 foizga, Qozog'iston Respublikasi iqtisodiyoti 4,4 foizga, Qirg'iziston iqtisodiyoti 4,5 foizga o'sganligi qayt etilgan.
Albatta, ushbu ko'rsatkichlarga erishida, iqtisodiy tarmoqlar barqaror rivojlanishini ta'minlashga qartilgan zaruriy chora-tadbirlarning o'z vaqtida amalga oshirilayotganligi muhim ahamiyat kasb etadi. Boisi, o'tgan qisqa vaqt ichida davlatimiz rahbari boshchiligida bir necha bor iqtisodiyot va aholi bandlinining muhim tarmoqlari bo'lgan tadbirkorlikni va erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini takomillashtirish, qishloq xo'jaligiga bozor mexanizmlarini keng joriy etish hamda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga bo'lgan talabini to'laqonli qondirishga oid o'nga yaqin videoselektor yig'ilishlarida belgilab berilgan vazifalar va sohani taraqqiy ettirishga qartilgan qator Farmon va qarorlari dasturilamal bo'lib xizmat qilmoqda.
Natijada, 2022 yil yanvar`-mart oylarida YAIMning nominal hajmi 162,8 trln. so'mni yoki 14,8 mlrd. dollarni tashkil etdi. Bunda, qishloq ho'jaligi YAIMning 13,2 foizini yoki 19,4 trln. so'mni, xizmatlar 47,3 foizini yoki 69,7 trln. so'mni, sanoat 32,5 foizini yoki 48,0 trln. so'mni, qurilish 7,0 foizini yoki 10,3 trln. so'mni va eksport import mahsulotlariga sof soliqlar 9,5 foizini yoki 15,4 trln. so'mni tashkil etmoqda.
SHuningdek, pandemiya eng ko'p tasir ko'rsatgan soha va tarmoqlarni qo'llab-quvvtalash borasida ko'rilgan chora-tadbirlar o'z samarasini ko'rsatib, 2022 yil 1-choragida YAIM tarkibida xizmatlarning ulushi 0,4 foizga ko'payib, xizmatlar tarkibidagi savdo, yashash va ovqatlanish xizmatlari o'tgan yilning mos davriga nisbatan 8,6 foizgacha, tashish va saqlash hamda axborot va aloqa xizmatlari 14,4 foizgacha o'sishi tezlashganligi kuzatilgan.
Qovonarli tomoni ushbu iqtisodiy o'sish ko'rsatkichlari nafaqat ichki, shu bilan birga, O'zbekistonning tashqi savdo aylanmasida ham ijobiy sur'atlarda o'sib bormoqda. Misol uchun 1-chorakda mamlakatimizning tashqi savdo aylanmasi 2021 yilning mos davriga nisbatan 74,8 foizga o'sib, 13,2 mlrd. dollarni tashkil etdi.
SHuningdek, hisobot davrida Davlat byudjeti daromadlari ijrosi holatida ham o'sish kuzatilgan bo'lib, ushbu ko'rsatkich davlat maqsadli jamg'armalarisiz 41,9 trln. so'mni tashkil etib, belgilangan 39,1 trln. so'm prognoz 107,2 foizga yoki 2,8 trln. so'mga oshirib bajarilgan. Jumladan, bular Davlat soliq qo'mitasi tomonidan 34,5 trln. so'm (jamiga nisbatan 82,3 %), Davlat bojxona qo'mitasi tomonidan 9,5 trln. so'm (jamiga nisbatan 22,7 %), Davlat byudjetining boshqa daromadlari va soliqsiz tushumlaridan 4,5 trln. so'm shakllantirilgan.
SHu o'rinda ta'kidlash joizki, Davlat byudjetining 2022 yil 1-choragidagi xarajatlari davlat maqsadli jamg'armalarisiz 42 943,3 mlrd. so'mni aniqlangan reja ko'rsatkichlariga nisbatan 91,1 foiz yoki YAIM ga nisbatan 26,4 foizni tashkil etdi. Bunda ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 23 469,9 mlrd. so'm yoki umumiy xarajatlarning 54,7 foizi miqdorida mablag' sarflangan.
Bugungi kunda hududlarda ham aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko'lamli bunyodkorlik ishlar amalga oshirilmoqda. Bunga esa, byudjet sohasida amalga oshirilgan islohotlar sabab mahalliy byudjetlarning ortirib bajarilgan mablag'lar qismi o'sha hudud ixtiyorida qoldirilayotganligidir. Jumladan, joriy yilning yanvar`-mart oylarida mahalliy byudjetlar ixtiyorida jami 2,3 trln. so'm mablag'lar qoldirildi. Bu esa joylarda belgilangan chora-tadbirlarni o'z vaqtida amalga oshirish imkonini berdi. Xususan, joriy yilda tashabbusli byudjet xarajatlari uchun tuman (shahar) byudjetlarida ko'zda tutilgan mablag'lar o'z vaqtida ajratilishiga erishildi. Bunda respublika bo'ylab fuqarolar tomonidan tashabbus qilingan 69 mingdan ortiq loyihalardan tuman ishchi komissiyalari tomonidan jamoat manfaatlariga xizmat qiluvchi 40,2 mingta loyiha ovoz berish jarayoniga o'tkazildi.
Loyihalarning 17,3 mingtasi (25 foizi) ichki yo'llarni ta'mirlash, 10,1 mingtasi (15 foizi) umumta'lim maktablarini ta'mirlash va jihozlash bilan bog'liq loyihalar, 4,3 mingtasi (6 foizi) maktabgacha ta'lim muassasalarini ta'mirlash va jihozlash bilan bog'liq tadbirlarni tashkil etdi.
Ammo ko'rilgan chora-tadbirlar, amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramasdan, ayrim mutasaddi rahbarlarning mas'uliyatsizligi hamda etarli darajadagi bilim va ko'nikmaga ega bo'lgan kadrlarning o'z o'rniga tanlab olinib qo'yilmaganligi bois, ayrim vazirlik va idoralar tomonidan byudjet mablag'larining sarflanishida yo'l qo'yilgan xato va kamchliklar bugun amalga oshirilayotgan islohotlarga soya solishiga sabab bo'lmoqda.
Xususan, Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan 2022 yil 1-choragida jami o'tkazilgan 1 687 ta moliyaviy nazorat tadbirlaridan 1 283 tasida moliyaviy xato-kamchiliklar aniqlangan. Bunda byudjet intizomiga rioya etilishi va byudjet mablag'larning maqsadli sarflanishi yuzasidan o'tkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan kamomad va o'zlashtirishlar 39,2 mlrd. so'mni, byudjet mablag'laridan asossiz va ortiqcha to'lovlar 199,8 mlrd. so'mni va maqsadsiz xarajatlar 22,7 mlrd. so'mni tashkil etgan.
Xulosa qilib aytganda, bugun iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish har qachongidan-da dolzarb ahamiyat kasb etadi. Boisi, mamlakatimizning kelgusi taraqqiyoti, soha va tarmoqlarimiz rivoji bevosita islohotlar qon tomiri bo'lgan iqtisodiyotimiz taraqqiyoti bilan bog'liq.
Maxfirat Xushvaqtova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati