– Kelgusi yilga maqsadlar, rejalar katta, – dedi Senat Raisi T.Narbayeva. – E’tiborli jihati, Prezidentimiz byudjetni shakllantirishda mahalliy Kengashlar vakolatini yanada kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Qolaversa, byudjet xarajatlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Endilikda xarajatlar tarkibi va natijadorligi davlat idoralarining rasmiy saytlarida e’lon qilinadi. Davlat idoralarining ushbu talabga rioya etishlarini nazorat qilish esa, parlament palatalari va mahalliy Kengashlar tomonidan amalga oshirilishi ta’kidlandi.

Hududlar palatasi sifatida yuqoridagi vazifalar, ularning qay darajada amalga oshirilishi biz uchun juda muhim. Odamlar ertaga savol beradi: byudjet mablag‘lari nimalarga sarflandi, xarajatlar qanchalik samarali va to‘g‘ri bo‘ldi, nima uchun u yoki bu sohada mablag‘ yetishmaydi?

Deyarli har kuni byudjet mablag‘larining noo‘rin sarflanishi bilan bog‘liq holatlar ko‘tarilmoqda. Afsuski, soliq to‘lovchilarning bunday savollariga har doim ham asosli javob berilmayapti yoki xolis munosabat bildirilmayapti.

Biz Hisob palatasi bilan birgalikda byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish borasidagi ishlar holatini yaqinda Toshkent viloyati misolida kompleks o‘rgandik. Juda ko‘plab tizimli muammolar aniqlandi. Mutasaddilarda byudjetga qo‘shimcha manbalar aniqlash borasida tashabbuskorlik, izlanish yo‘q. Ayrim hollarda ularning moliyaviy savodxonligi yetishmasligi ham ko‘rinib qoldi. Muhim ko‘rsatkichlarni qo‘shib yozish illatiga to‘liq barham berilmagan. Shu bois, hozirdanoq mazkur yo‘nalishdagi ishlarimizni tanqidiy ko‘rib chiqishimiz, byudjet nazoratini yanada kuchaytirishimiz kerak.

Senatning tegishli qo‘mitasi hamda boshqarmasi bunday o‘rganishlar va tahlillar ko‘lamini yanada kengaytirishi, tizimli muammolar yechimi yuzasidan asosli takliflar ishlab chiqishi lozim.

Zero, byudjet mablag‘larining to‘g‘ri sarflanishiga oid savollar faqatgina ijtimoiy tarmoqlarda emas, balki birinchi navbatda parlament minbaridan turib, xalq vakillari tomonidan berilishi kerak.