Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Hisob palatasi masʼul rahbarlarining davlat organlari va tashkilotlarining byudjet ochiqligini taʼminlanganlik holati toʻgʻrisida keng jamoatchilikka axborot taqdim etildi. Jumladan, Hisob palatasi va Moliya vazirligi tomonidan birinchi va ikkinchi darajali hamda hududiy byudjet mablagʻlarining taqsimlovchilar, davlat maqsadli jamgʻarmalari, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, davlat moliyaviy nazorat organlari tomonidan oʻz rasmiy veb-saytlariga byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlaydigan maʼlumotlarni joylashtirish ustidan tizimli nazorat olib borilgan.

“Byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Moliya vazirligining buyrugʻi (Adliya vazirligida 2021-yil 7-maydagi 3299-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan) bilan tasdiqlangan Nizomga koʻra, byudjet mablagʻlari sarflanishi yuzasidan tegishli maʼlumotlarni rasmiy veb-saytlarga joylashtirib borish shakllari, tartiblari va muddatlari belgilab berilgan.

Taqdim etilgan tahlillarga koʻra, vazirlik va idoralar tomonidan ushbu tartibga rioya qilish ahvoli qoniqarli darajada emas. Xususan, tanlov asosida oʻrganilgan 133 ta tashkilotlar tomonidan rasmiy veb-saytlariga byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlaydigan maʼlumotlarning 2022-yil 10-fevral holati boʻyicha joylashtirilishi tahlil qilinganda, 66 ta vazirlik va idorada tegishli maʼlumotlar toʻliq ravishda joylashtirilgan boʻlsada, 13 ta vazirlik va idorada tegishli maʼlumotlar qisman joylashtirilgan, 54 ta vazirlik va idorada esa tegishli maʼlumotlar umuman joylashtirilmagani aniqlangan.

Jamoatchilik eshituviga mazkur masalada byudjet ochiqligini taʼminlamagan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Kinematografiya agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining masʼul rahbarlari keng jamoatchilikka bu borada tushuntirish berish uchun taklif etildi.

Maʼlumki, 2021-yilning 16-iyunida “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari zimmasiga jami 13 ta toifadagi axborotlarni oʻz rasmiy veb-saytida har chorakda eʼlon qilish va davriy yangilab borish tartibi belgilangan.

Biroq oʻrganish va tahlillarda ayrim davlat organlari va tashkilotlari oʻzlarining davlat xaridlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarini har chorakda eʼlon qilmasdan kelayotgani aniqlandi. Jumladan, 2021-yil 4-choragida ularning 80 tasi ushbu maʼlumotlarni oʻz vaqtida belgilangan resurslarda joylashtirmagan. Yoki xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari boʻyicha hisobotlar oʻrganilganda ham vaziyat qoniqarli emasligi, 88 ta idora oʻz vaqtida ochiqlanmagani maʼlum boʻldi.

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining rasmiy veb-saytlarida byudjet ochiqligini taʼminlash yuzasidan tegishli maʼlumotlar joylashtirilmagan.

Shu bilan birga, oʻtgan 2021-yilda fuqarolarni byudjet jarayonida hududlarda jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlar natijasida ayrim hududlarda umuman ovoz toʻplamagan hamda “Ochiq byudjet” axborot portalida “gʻolib” deb topilmagan takliflarni moliyalashtirish holatlari aniqlangan. Misol uchun, Jizzax viloyati Zarbdor tumanida 4 ta, Xorazm viloyati Urganch shahrida 5 ta taklif oʻrnatilgan talablarga zid ravishda moliyalashtirilgan. Jamoatchilik eshituvi davomida byudjet ochiqligini taʼminlamagan tegishli davlat organlari va tashkilotlari masʼullarining axboroti ham eshitildi.

Jamoatchilik eshituvida mutasaddilarga byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash ustidan nazorat Hisob palatasiga yuklatilgani, byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash tartibini buzganlik uchun mansabdor shaxslarga maʼmuriy javobgarlik belgilangani eslatib oʻtildi.

Eshituvda mazkur vazifalarni eʼtibordan chetda qoldirgan tashkilotlar mamlakatimizda davlat organlari faoliyatining ochiqligini toʻliq taʼminlashga salbiy taʼsir koʻrsatgan holda, byudjet mablagʻlarining sarflanishi ustidan samarali jamoatchilik nazoratini olib borishga toʻsqinlik qilayotgani taʼkidlandi.

Taʼkidlash joizki, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlovchi mexanizmlar yanada samarali ishlashi natijasida mamlakatimizning xalqaro reytinglarda oʻz oʻrinlari yuqori pogʻonalarga koʻtarilishida muhim oʻrin tutadi, deb xabar beradi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.