Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan Fargʻona viloyati, Qoʻshtepa tumanidagi “Global textile infinity” toʻqimachilik korxonasiga press-tur tashkil etildi. 

Press-turda Ekologiya vazirligi masʼullari, vazirlikning Fargʻona, Andijon, Namangan viloyati boshqarmalari xodimlari, jurnalist hamda blogerlar qatnashdi. 

Maʼlumot uchun, “Global Textile Infinity” mamlakatimizdagi eng yirik va zamonaviy uskunalarga ega boʻlgan yetakchi toʻqimachilik korxonalaridan biridir. 2000 ta ish oʻrni yaratilgan korxonada eng yaxshi ip-kalava, kulrang va boʻyalgan trikotaj matolarni ishlab chiqarish bilan birga paxta yetishtirish va uni qayta ishlashning toʻliq jarayoni yoʻlga qoʻyilgan. Korxonaga Shveysariyaning “Rieter machine works” uskunalari oʻrnatilgan, shuningdek, sifat laboratoriyasi faoliyat koʻrsatmoqda.

Korxonada ekologiya va atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan omillarni bartaraf etish hamda ularning oldini olishga alohida eʼtibor qaratilib, bu borada istiqbolli loyihalarning amalga oshirilayotgani ham muhim jihatlardan biri sanaladi. Press-tur davomida ishtirokchilarga mazkur loyihalar haqida atroflicha maʼlumot berildi.

Xususan, korxonada “yashil iqtisodiyot”dan kelib chiqqan holda ishlab chiqarishda energiya tejamkor texnologiyalar qoʻllanmoqda. Inshootning tom qismiga quyosh panellarini oʻrnatish boʻyicha olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida qariyb 23 foizgacha energiya samaradorligiga erishish mumkin.

Korxonada ishlab chiqarish jarayonida hosil boʻlgan changlardan tayyorlanayotgan briketlar, ayniqsa, ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Maʼlum qilinishicha, korxonaga oʻrnatilgan zamonaviy va eng soʻnggi texnologiyalar chang-gazlarni atmosferaga chiqarib yubormasdan, maxsus qurilmalarda ushlab qoladi. Toʻplangan chang qayta ishlanib, briket qilinadi, natijada korxonaning ekologiyaga boʻlgan taʼsiri ham kamayadi.

Press-tur davomida korxonada yomgʻir va qor suvlaridan samarali foydalanish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyiha bilan ham tanishtirildi. Taʼkidlash kerakki, korxonaning tom qismida hosil boʻlgan yomgʻir va qor suvlari shunchaki oqizib yuborilmaydi, balki maxsus idishlarda toʻplanadi va toʻplangan suv filtrdan oʻtkazilgandan soʻng hududdagi obodonlashtirish ishlari va daraxtlarni sugʻorishga sarflanadi. 

Tadbir davomida ishtirokchilar korxonaning yashil maydoniga ekilgan daraxtlarni koʻzdan kechirishdi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida korxonaning 1,8 gektar yeriga kuz va bahorgi daraxt ekish mavsumida yana 1000 tupdan ortiq daraxtlar ekilishi rejalashtirilgani haqida maʼlumotlarga ega boʻlishdi.