Bu Vazirlar Mahkamasining 27.09.2022-yilda qabul qilingan “Charm-poyabzal va moʻyna mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 531-son qarorida keltirilgan.
Unga koʻra, terini qayta ishlash, tayyor charm-poyabzal, moʻyna mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarilari tashkil etiladi.
Belgilanishicha:
- KSZni tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash uchun 2022-2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida mazkur maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan 90 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi;
- loyiha-smeta hujjatlariga asosan tashqi infratuzilmani qurish-taʼmirlash uchun mablagʻlar yetishmagan loyihalar boʻyicha ularni qurish-taʼmirlash bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlar, xususan:
- elektr energiya va gaz tarmoqlari boʻyicha — “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va uning hududiy filiallari hamda “Hududgaztaʼminot” AJ oʻz mablagʻlari;
- ichimlik va oqova suv tarmoqlari hamda avtomobil yoʻllari boʻyicha - Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar Kengashlarining qarorlariga asosan tegishlilik boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar mahalliy byudjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan qoplanadi.
Yangidan tashkil qilinadigan kichik sanoat zonalari hududida yer maydonlarini ajratish elektron onlayn-auksion savdolari orqali amalga oshiriladi.
Eslatib oʻtamiz, hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 28.09.2022-yildan kuchga kirdi.