Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining “Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Bosh vazir oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov topshirigʻi bilan oʻtkazilayotgan bu tadbirlar chechenistonliklarda katta qiziqish uygʻotdi.
Grozniy shahrida oʻtgan Oʻzbekistonning ziyorat turizm taqdimot marosimini Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi maslahatchisi Oʻtkir Saidov ochib berdi hamda yigʻilganlarga soʻnggi yillarda mamlakatimizda turizm sohasi rivojiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va islohotlar haqida soʻzladi va barchani Oʻzbekistonga sayohat qilishga chorladi.
Shundan soʻng Checheniston Respublikasi Hukumat raisi oʻrinbosari Djanbulat Umarov ikki mamlakat rahbarlari olib borayotgan oqilona siyosat va mamlakatlararo doʻstona aloqalarni eʼtirof etdi. “Ulkan faxr bilan sizlarga Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Ahmadovich Qodirovning salomini va iliq tilaklarini yetkazishdan mamnunman. Biz sizlar bilan buyuk Islom sivilizatsiyasi izdoshlari hisoblanamiz. Jahon tarixiga nazar tashlasak, aynan oʻzbek xalqi oʻzining olimu allomalari, meʼmorlari, mutafakkirlari va shoirlari, tabiblari bilan buyuk islom sivilizatsiyasiga asos solganlardan biri boʻlgan. Sizni qardosh xalqqa doʻstlik va hamkorlik maqsadida yoʻllagan Prezidentingizga katta rahmat”, - dedi u.
Bundan tashqari, tadbirda Checheniston Respublikasi Turizm vaziri Muslim Baytaziyev ham soʻzga chiqdi: “Oʻzbek xalqi bilan uzoq tarix bizni bogʻlashi bizni juda quvontiradi. Yaqin yillardagina turizmni rivojlantira boshlagan respublika sifatida Oʻzbekistonning bu boradagi tajribasini oʻrganish va oʻzlashtirish biz uchun juda muhim”.
Shuningdek, vazir Oʻzbekiston va Checheniston turoperatorlari B2B formatida uchrashuvlar doirasida yangi turistik yoʻnalishlar va turmahsulotlar ishlab chiqish, oʻzaro manfaatlik hamkorlik aloqalarini kuchaytirishga kelishib olishganini qoʻshimcha qildi. Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitami tomonidan oʻtkazilgan ziyorat turizm taqdimoti hamda taniqli hattot Habibulloh Solih tomonidan namoyish etilgan mahorat darsi yigʻilganlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Bundan tashqari, Grozniy markazida chechenistonliklar uchun oʻzbek xalqining gastronomik boyligi hisoblangan palov tayyorlanib, oʻzbekona dasturxon yozildi. Tadbir yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi va ular bu kabi targʻibot tadbirlarini tizimli ravishda oʻtkazish istagini bildirishdi. Qayd etish lozimki, Checheniston Respublikasiga tashrif buyurgan delegatsiya tarkibidan Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston musulmonlar idorasi, Xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekiston oshpazlar uyushmasi vakillari oʻrin oldi.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Chechenistondagi ziyorat turizm targʻibot tadbirlarini oʻtkazishda yaqindan yordam bergan Oʻzbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi hamda Rostov-Dondagi Bosh konsulligiga minnatdorchilik bildiradi.