Rishton tumani hududidan oʻtuvchi “oʻzbek-qirgʻiz” chegarasi orqali kirib kelgan Uchkoʻprik tumanida yashovchi 41 yoshli fuqaroning yonidan jami 9 542 dona “Zardeks” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari topildi.
Qayd etilishicha, ushbu dori vositalarining umumiy qiymati 1 milliard 320 million soʻmni tashkil etadi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, “Zardeks” preparati tarkibidagi “Pregabalin” moddasi Oʻzbekiston qonunchiligiga koʻra kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatiga kiritilgan va uning erkin savdosi taqiqlangan.
Mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining chegarani noqonuniy kesib oʻtish, kontrabanda va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Gumonlanuvchiga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilib, hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.