Ijtimoiy soha tashkilotlari ham eksport faoliyatida faolroq ishtirok etishi zarurligi taʼkidlandi.
Oʻtgan yili “Tibbiy xizmatlar mehmondoʻstligi” dasturi boshlandi. Jarrohlik, dermatologiya, endokrinologiya markazlari chet ellik fuqarolarga xizmat koʻrsatishdan 1 million dollargacha mablagʻ tushirayotgan boʻlsa, 18 ta ilmiy markazda xizmatlar eksporti 300 ming dollarga yetmayapti.
Shu munosabat bilan 24 ta ixtisoslashgan markazning tibbiy xizmatlar eksportini 30 million dollarga yetkazish, Osiyo taraqqiyot banki bilan 5 ta ixtisoslashgan markazni xususiy boshqaruvga berilishini tezlashtirish muhimligi qayd etildi.
Qoʻshni davlatlar bilan chegaradagi postlarga yaqin hududda joylashgan 60 ta shifoxonada oʻtgan yili 300 mingdan ziyod odamga tibbiy xizmat koʻrsatilgan. Masalan, birgina “Ayritom” xalqaro savdo zonasida ochilgan xususiy klinika oʻtgan yilni oʻzida 15 ming chet ellik fuqaroga tibbiy xizmat koʻrsatdi.
Lekin 3 ta davlat bilan chegaradosh, 7 ta bojxona posti boʻlgan Toshkent viloyatidagi chegara oldi hududida birorta klinika yoʻq. Namanganda ham shu ahvol.
Shu bois, viloyat hokimlariga qoʻshni davlatlar bilan chegara oldi hududlarida 21 ta koʻp tarmoqli klinika tashkil qilishni boshlash topshirildi.