Bugungi kunda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O'simliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi hududini zararli va boshqa xavfli zararkunandalardan saqlash, hosildorlikni oshirish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, shuningdek,  mahsulotlarning eksportbopligini kuchaytirish maqsadida xorijga eksport qilinuvchi qishloq xo'jaligi mahsulotlari uchun qator qulayliklar yaratilmoqda.  Shu bilan birga, Respublika hududiga olib kiriluvchi import mahsulotlarining sifati, fitosanitar holati yuzasidan tegishli tartibda nazorat kuchaytirilgan.

O'zbekiston Respublikasi davlat chegarasidan turli mahsulotlarni olib o'tayotgan aksariyat fuqarolar karantin ruxsatnomasi va fitosanitariya sertifikati haqida etarli ma'lumotga ega bo'lmaganligi uchun ham turli muammolar yuzaga kelmoqda. Ta'kidlash joizki, karantin ob'ektlari bilan mamlakat hududiga kirgan zararli organizmlar keng miqyosda tarqalib, iqtisodiyotga jiddiy zarar etkazadi. Ana shunday xavfni bartaraf etish maqsadida Inspektsiya xodimlari tomonidan qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

“O'zdavkarantin” inspektorlari tomonidan  I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti orqali karantin osti mahsulotlarini olib kelish bilan bog'liq bir nechta qonunbuzarlik  holatlari aniqlandi. Xususan, import karantin ruxsatnomasi va eksportyor davlatning fitosanitariya sertifikatisiz kirib kelgan Qozog'iston davlatidan 6 tup malina ko'chatlari, Belorus davlatidan 22 kg murch, Ukraina davlatidan 4 tup atirgul ko'chati, Xitoy davlatidan xar hil turdagi 8 kg ziravorlar, Rossiya Federatsiyasidan umumiy hisobda 37 tup  olma, malina, qulupnay, lavr va gul ko'chatlari O'simliklar karantini chegara maskani inspektorlari tomonidan to'xtatib qolindi.

Amaldagi qonunchilikka asosan, ushbu karantin ostidagi mahsulotlar “O'zdavkarantin” inspektsiyasi inspektorlari hamda tegishli tashkilotlarning mas'ul xodimlari ishtirokida yoqish yo'li bilan yo'q qilindi.

Aytish joizki, O'zbekiston Respublikasining “O'simliklar karantini to'g'risida”gi qonuniga asosan “O'zdavkarantin” inspektsiyasi tomonidan “Karantin ostidagi mahsulotlarni import va eksport qilishda yuritiladigan fitosanitariya tartib-tamoyillari bo'yicha yo'riqnoma” ishlab chiqilgan.

Unda xorijiy mamlakatlardan O'zbekiston Respublikasida yashovchi fuqarolarga yuqori darajadagi fitosanitar xavfga ega bo'lgan karantin ostidagi mahsulotni pochta jo'natmalarida yuborilishi ta'qiqlanishi, shuningdek, pochta jo'natmalarida yuqori darajadagi fitosanitar xavfga ega bo'lgan karantin ostidagi mahsulotlar kelgan taqdirda dalolatnoma tuzilishi va mahsulot darhol yo'q qilinishi ko'rsatilgan. Yuqori fitosanitar xavfga ega bo'lgan karantin osti mahsulotlariga ekish materiallari, xususan, ko'chat, urug', piyozboshlar, tuganaklar kiradi.

“O'zdavkarantin” inspektsiyasi

axborot xizmati