Tomonlar muvaffaqiyatli amalga oshirilgan qoʻshma loyihalar natijasida erishilgan yutuqlarni hamda mamlakatimiz energetika sohasini rivojlantirishda investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini koʻrib chiqdi.

Xususan, 2022 yil iyun oyida Toshkent viloyatida 240 MVt va Sirdaryo viloyatida 220 MVt quvvatga ega zamonaviy bugʻ-gaz elektr stansiyalarining ishga tushirilganligi natijalari muhokama etildi.

Turkiya kompaniyasi rahbari birgalikda va hamjihatlikda olib borilgan ishlarning muvaffaqiyatini taʼkidlab, kompaniya elektr energiyasi ishlab chiqarish sohasidagi investitsiya loyihalari portfelini kengaytirish niyatida ekanligini maʼlum qildi. Shu tariqa, Jizzax viloyatida quvvati 400 MVt boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasini ishga tushirish loyihasi taklif etildi. Ushbu tashabbus yiliga 286 million kub metr gazni tejash imkonini beradi, bu esa pulga hisoblaganda 103 million dollarga teng.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar yangi loyihani amalga oshirish maqsadida kelgusidagi hamkorlik formati boʻyicha kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

Maʼlumot uchun: Chengiz Enerji 2000-yilda tashkil etilgan. Kompaniya elektr energiyasini ishlab chiqarish va taqsimlash, tabiiy gaz savdosi va taqsimoti, tabiiy gazda ishlaydigan kombinatsiyalashgan elektr stansiyalarini qurish yoʻnalishlarida faoliyat olib boradi. Hozirda kompaniya energetika sohasida umumiy quvvati 5000 MVt boʻlgan 9 ta foydalanishga topshirilgan va 4 ta qurilayotgan loyihani boshqaradi. Turkiya Respublikasidagi elektr energiyasining 30 foizi Chengiz Enerji stansiyalarida ishlab chiqariladi. Xodimlar soni butun dunyo boʻylab 20 mingdan ortiq kishini tashkil etadi.