Qayd etilganidek, Qonun chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomini aniqlash, respublikadagi mehnat faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, mamlakatdan chiqish va unga kirishni tashkil etish tizimi va mexanizmlarini tartibga solish, shuningdek, mehnat organlarining faoliyatini rivojlantirish zaruriyatidan kelib chiqib ishlab chiqilgan.
Qonunning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Hujjatda O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning asosiy huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari, ularga siyosiy boshpana berish, ularning O‘zbekiston Respublikasida kirish va chiqishlari, davlatimiz hududi orqali tranzit o‘tishlari va qoidalarini buzgan holda javobgarligi, respublikamizda bo‘lish tartibi va muddatini qisqartirish, shuningdek harakatlanishi va vaqtincha yashash joyi (doimiy yashash joyi)ning tanlashi, mehnat faoliyati va boshqa huquqlari batafsil belgilangan.
Qonunning qabul qilinishi respublikada chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomini tartibga solishning yaxlit tizimini o‘rnatishga, 1990-2000-yillarda qabul qilingan turli (qonunosti) hujjatlari bilan shakllantirilgan huquqiy asoslarni unifikatsiyalash va chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bilan munosabatlarning davr talabiga moslashtirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Qonun bilan mehnat munosabatlari sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilishning shaffof va ochiq tartibini yaratiladi, chet el fuqarolarining davlat xizmatlaridan keng foydalanish imkoniyati beriladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.