2023-yil 4-yanvar kuni soat 13:20 larda Boʻstonliq tumani Chimyon togʻ yonbagʻirlariga dam olish va changʻi uchish maqsadida chiqqan 61 yoshli Rossiya Federatsiyasi fuqarosi qor koʻchkisi xavfi toʻgʻrisidagi ogohlantirishlarga qaramay, taqiqlangan hududda changʻi uchib, qor koʻchkisi xavfini yuzaga keltirgan va qor uyumlari ostida qolib halok boʻlgan. Bu haqda FVV maʼlum qildi.

Maʼlum qilinishicha, zudlik bilan hodisa joyiga Toshkent viloyati FVB Boʻstonliq tumani Ixtisoslashgan koʻp tarmoqli boshqarmasi Chimyon qutqaruv otryadi qutqaruvchilari yetib borgan. Olib borilgan qidiruv ishlari davomida changʻi uchuvchisining jasadi qor uyumlari ostidan chiqarib olingan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholini xavfsizlik qoidalariga rioya qilishga, taqiqlangan hududlarda changʻi uchmaslikka va ehtiyotkorlik choralarini koʻrishga chaqirmoqda.